Germaniyada 21−23 fevral kunlari dzyudo bo‘yicha Dyusseldorf-2020 JF World Judo Tour — Katta dubulg‘a turniri bo‘lib o‘tdi. Olimpiada saralashining reyting ochkolari uchun 117 mamlakatdan 676 ishtirokchi tashrif buyurdi.

O‘zbekistonlik dzyudochilar Davlat Bobonov (-90 kg) va Muhammadkarim Xurramov (-100 kg) oltin medallarni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Oliy mukofot uchun kurashda Davlat Bobonov ukrainalik dzyudochi Kejau Nyabali bilan kuch sinashdi. Ikki vazari evaziga O‘zbekiston vakili «oltin»ga sazovor bo‘ldi.

Muhammadkarim Xurramov 2016 yilgi Olimpiada finalchisi, Ozarbayjon vakili — Elmar Gasimov bilan kurashga kirishdi. Qo‘shimcha vaqtda o‘zbekistonlik dzyudochi kurashni o‘z foydasiga hal qildi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Foto: O‘zbekiston MOQ

Bobonov va Xurramov uchun bu Katta dubulg‘a turnirining birinchi finali va birinchi oltin medalidir. Ikkala sportchi ham Tokiodagi 2020 yilgi Olimpiada o‘yinlarining 1000 reyting ochkolarini o‘z hisoblariga yozib qo‘yishdi.