Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi talabalarni yotoqxonalar bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijalari to‘g‘risida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga parlament so‘rovini yubordi.

Ma’lum bo‘lishicha, mamlakatning 115 universitetida 356 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda. O‘qish vaqtida ular yashashi uchun 208 yotoqxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirda ularda 53 mingga yaqin talabalar istiqomat qilmoqda, 103 mingdan ortig‘i ijaraga kvartira olgan, 200 mingga yaqini esa o‘z uylarida istiqomat qilishmoqda. 68 mingdan ortiq talabalar yotoqxonalarga muhtoj.

Oliy ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016−2019 yillarda oliy ta’lim tizimini har tomonlama rivojlantirish dasturi doirasida har biri 1600 o‘rinli to‘rtta yotoqxona qurilgan, 28 tasi rekonstrutsiya qilingan, 185 tasida ta’mirlash ishlari olib borilib, jihozlari bilan ta’minlangan.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, 2020−2022 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chog‘ida 4610 o‘rinli 13 ta yotoqxonani qurish va 35 tasini rekonstruksiya qilish taklif qilingan.

Xususan, Urganch davlat universitetida byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan sentyabr oyida yangi o‘quv yili boshlanishi bilan foydalanishga topshiriladigan 500 o‘rinli yangi yotoqxona qurilmoqda.

«Olib borilayotgan ishlarga qaramay, talabalarning ma’lum qismi kvartirani ijaraga olishga majbur. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 68 354 nafar talabani qamrab olish uchun har biri 400 o‘rinli 170 ta yotoqxona qurilishi kerak. Buning uchun deyarli 3 trln so‘m ($ 314,8 mln) kerak bo‘ladi», deyiladi bayonotda.

2030 yilga kelib universitetlarga qabul kvotasining 50 foizga oshishini hisobga olsak, kelasi 10 yil ichida yana 300 ta yotoqxona qurilishi kerak, deb ta’kidlaydi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Oliy ta’lim vazirligi Janubiy Koreya va Yaponiya tajribasini o‘rganib chiqib, viloyat markazlarida «yangi turdagi» yotoqxonalarni tashkil etish taklifini ilgari surdi. Shu maqsadda vazirlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan ozod qilish, imtiyozli kreditlar va qurilish uchun bepul yerlar ajratish orqali tadbirkorlarni ularni qurish ishlariga jalb etishni taklif qildi.

«Bosh vazir topshirig‘iga binoan Toshkentda davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxona qurilishi to‘g‘risida e’lon qilindi. Ammo hozirga qadar biron bir tadbirkor bundan foyda yo‘qligi sababli bu e’longa javob qaytarmadi», — deyiladi Qonunchilik palatasi xabarida.

Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini o‘rnatgan.