Yangiliklardan va atrofimizdan tez-tez yangi biznes markazlari, turar joy majmualari yoki hatto istirohat bog‘lari va xiyobonlar (ba’zida daraxtlarsiz) qurilayotgani haqidagi xabarlarni eshitib qolamiz, biroq bolalar bog‘chalari, maktablar, shifoxonalar va jamoat kutubxonalari qurilgani haqidagi batafsil ma’lumotlarni kamdan-kam payqaymiz. Aslida esa ularning inson kapitali va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishdagi o‘rni hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, ularga bo‘lgan talab, haqiqatdan ham, juda yuqori. Ushbu maqolada jamoat kutubxonalariga e’tibor qaratishni xohlardim.

O‘qishda davom etishdan avval sizga tumaningiz, shahringiz yoki hududingizda jamoat kutubxonasi bormi, eslashga urinib ko‘rishni taklif qilgan bo‘lardim. U yerga oxirgi marta qachon borgansiz?

«Iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashingiz uchun sizlarga ma’lumotli, sog‘lom ishchi kuchi lozim». Bu Garvard universiteti professori, 1998 yilda farovonlik iqtisodiyoti va ijtimoiy tanlov nazariyasiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, jamiyatning eng qashshoq a’zolari muammolariga bo‘lgan qiziqishi uchun iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Amartya Sendan olingan iqtibos.

Professor Amartya Sen ilgari surayotgan asosiy g‘oya shundan iboratki, hukumat barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishni istayotgan bo‘lsa, u holda ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlariga diqqat qaratishi lozim. Busiz qolgan barchasi befoyda.

Biz ta’lim va sog‘liqni saqlashning inson hayoti va mamlakat taqdiridagi ahamiyatini inkor eta olmaymiz. Ushbu sohalar katta kuch va sarmoyalarni talab qiladi va natijalarni qisqa muddatli istiqboda namoyon etmaydi. O‘zbekistonda esa tarmoqlar bo‘yicha asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmidan, manbalarga ko‘ra, 2019 yilda bor-yo‘g‘i 5,2 foiz sarmoyalar ta’lim va sog‘liqni saqlashga yo‘naltirildi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha asosiy kapitalga kiritilgan sarmoyalar (2019 yil yanvar-dekabr)

Qayta ishlash sanoati

27,1%

Tog‘-kon sanoati

11,7%

Elektr ta’minoti va gaz yetkazib berish

10,8%

Turar joy qurilishi

10,2%

Boshqalar

10,1%

Qishloq xo‘jaligi

8,0%

Tashish va saqlash

6,0%

Ulgurji va chakana savdo

3,1%

Qurilish

2,8%

Ta’lim

2,6%

Sog‘liqni saqlash

2,6%

Suv ta’minoti va kanalizatsiya

2,2%

Axborot va aloqa

1,7%

Kasbiy, ilmiy va texnik faoliyati

1,1%

Shu o‘rinda, davlat ta’limi uchun byudjetdan yetarlicha mablag‘ ajratmasligimiz haqida keng tarqalgan fikrlar ham mavjud. Vaholanki biz ta’lim uchun davlat xarajatlari eng yuqori bo‘lgan davlatlar ro‘yxatidan o‘rin olganmiz.

Byudjetdan ta’lim uchun ajratilgan davlat xarajatlari (foizlarda, 2017−2018 yilgi ma’lumotlar)

1. Serra-Leone

30,2%

2. Iordaniya

28,5%

3. Kosta-Rika

26,1%

4. Gvatemala

23,7%

5. O‘zbekiston

23,0%

6. Gonduras

22,9%

7. Butan

22,8%

8. Senegal

21,6%

9. Chili

21,3%

10. Beliz

21,3%

Manba: Jahon banki.

Har xil odamlar, jumladan, amaldorlar va ekspertlar ba’zida benzin, avtomobillar, kommunal xizmatlar narxlari, kishi boshiga bir yilda qancha go‘sht iste’mol qilinishi vahokazolar bo‘yicha O‘zbekistonni boshqa davlatlar bilan taqqoslaydi. Biroq ommaviy muhokamalar darajasiga olib chiqish shart bo‘lgan juda muhim qiyoslash ham bor, u — ta’lim sifati. Avvalroq biz miqdor nuqtai nazaridan vaziyatni ko‘rsatib bergan edik, undan keyin ijobiy harakatlar rejasi ko‘zga tashlandi va mana, ta’lim sifatini tubdan yaxshilash vaqti ham keldi.

Har birimizni tashvishga solishi kerak bo‘lgan oddiy savol: universitetga kira olmagan 90 foizга yaqin yoshlar ta’limdagi bo‘shliqni qanday qilib to‘ldirishi mumkin? Nahotki ularda universitet tashqarisida ta’lim olish imkoniyati bo‘lmasligi kerak?

Bugungi kunga kelib universitet diplomlarining qadri pasayib, odatiy sinf xonalaridan tashqarida egallash mumkin bo‘lgan ko‘nikmalar, haqiqatdan ham, muhim bo‘lib bormoqda. Ayni shunday holatda jamoat kutubxonalari bilimga chanqoq yoshlarimizni o‘ziga jalb qilishi lozim va ularning boshqa boradigan joyi ham yo‘q.

Tariximiz va hozirgi iqtidorli yoshlar jamiyatimizda ulkan ta’limiy salohiyat mavjudligini tasdiqlaydi. Masala shundaki, eng yaxshi va asosiysi, barcha uchun teng imkoniyatlarga ega ta’lim barpo eta olamizmi?

Nima uchun kutubxona?«Park Villa-Lobos» kutubxonasi, San-Paulu, Braziliya. Foto: pita.arq.br.

Siz dunyoning boshqa davlatlarida ishsiz odamlar bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni qayerdan olishlari mumkinligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Talabalar arzon til kurslari haqidagi ma’lumotlarni qayerdan oladilar? Ota-onalar farzandlarining tarbiyasi va rivojlanishi uchun o‘quv manbalarini qayerdan topishadi? Keksalar kompyuter va internet savodxonligini qayerda o‘zlashtira oladilar? Sayyohlar qayerda internetga ulangan kompyuterlarida o‘z yumushlarini bajarib, chop etishlari, skaner qilib olishlari yoki faks orqali jo‘natishlari mumkin? Talabalar qayerda uy yoki universitetlardan tashqarida tinch joy topib, dars qilishlari mumkin? Qayerda maktabgacha yoshdagi bolalar o‘z tengdoshlari bilan muloqotga kirishib, ta’limiy o‘yin va mashg‘ulotlarda ishtirok eta oladilar? Qayerda turli ijtimoiy maqomdagi odamlar bir joyga to‘plana oladilar? Qayerda odamlar o‘z ishlarini yaratib, namoyish etish, g‘oya almashish imkoniyatiga ega? Qayerda odamlar kitob olib, ularni o‘qish va almashtirishlari mumkin? Va eng asosiy savol: qanday qilib bularning barchasini bitta joyda topish mumkin va buning ustiga mutlaqo bepulga?

Javob: jamoat kutubxonalarida. Va bu kutubxonaning asos vazifasi faqatgina kitob berish emas, balki ma’lumotlar taqdim etishdan ham iborat ekanini tasdiqlaydi.

Kutubxonalarning bolalik davrlarimizda hozirgidan ancha zerikarli bo‘lgani hamda biz u yerni kitob o‘qishdan boshqa nimadir qila olish mumkin bo‘lgan joy sifatida tasavvur qila olmasligimiz — haqiqat. Biroq dunyodagi zamonaviy jamoat kutubxonalari, bu — nafaqat kitob o‘qish, balki ishlash, konsert tinglash va tomosha qilish, ma’ruzalar qilish, hamfikrlar bilan uchrashish va ijod qilish mumkin bo‘lgan maskandir.

Kalgari markaziy kutubxonasi, Kanada. Foto: Farhod Fayzullayev.

Boshqa hech qaysi muassasa, u xoh davlat, xoh xususiy bo‘lsin, qandaydir sabablarga ko‘ra ma’lumotli bo‘la olmagan insonlar ta’limidagi bo‘shliqni jamoat kutubxonalarichalik to‘ldira olmaydi. Shunday ekan, mehnat samaradorligiga erishishda ularning hissasini munosib baholash lozim.

Bu yer davlat, xususiy va notijorat sektorlar umumiy maqsadlarga erishish uchun birgalikda ishlay oladigan joydir. Va men kutubxonalar eshiklari har doim lang ochiq bo‘lishini, devorlar bilan o‘rab olinmagan, ulkan ochiq zalli va shaffof derazali bo‘lishini orzu qilaman.

Jamoat kutubxonalari odamlarning o‘zaro munosabatga kirishish shakllarini belgilab beradigan «ijtimoiy infratuzilma» deb aytishimiz mumkin bo‘lgan makonlarga yorqin misol bo‘la oladi. Ular shunchaki kitoblar va boshqa madaniy vositalardan foydalanish imkoniyatini taqdim etib qolmaydi, balki bunday joylarda keksalar uchun qiziqishlariga mos kompyuter mashg‘ulotlari, ota-onalar uchun bolalarga ta’lim-tarbiya berishni o‘rgatish kurslari, barcha uchun turli til kurslari, ma’ruza qilish, suhbat va muzokaralar o‘tkazishga mo‘ljallangan joylar, efirlar tayyorlash uchun multimediali muhit, badiiy galereya, bolalar o‘ynashi va rivojlanishi uchun maydonchalar mavjud.

Qiziqarli tomoni shundaki, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mehmonxonalar soni jamoat kutubxonalari soniga qaraganda to‘rt martaga ko‘proq ekan. Jamoat kutubxonalari soni aslida kamroq bo‘lishi ehtimoldan holi emas, chunki ularning barchasi ham to‘laqonli faoliyat ko‘rsatayotgani yo‘q. 2018 yilda biz 2020 yilga borib yana 300 ta yangi mehmonxona qurilishi haqidagi xabarlarni o‘qigandik. Yaqin kelajakda qancha yangi jamoat kutubxonalarini qurishni rejalashtirayotganimizni ham bilib olsak yaxshi bo‘lar edi. 1991 yildan buyon nechta kutubxona qurganimizni bilish yanada muhimroq.

Barcha uchun kutubxona

Jamoat kutubxonalari barcha uchun va har doim ochiq bo‘lishi kerak. Ular daromad olish maqsadini ko‘zlamasligi yoki mansabdorlar oldida hisobot bermasligi kerak. Shuningdek, jamoat kutubxonalari vazirlik yoki hokimiyatlar tomonidan emas, balki jamoatchilik tomonidan boshqarilishi hamda har qanday byurokratik masalalardan uzoq tutilishi zarur.

Zero odamlar bir-biri bilan muloqot qila olishlari uchun jamoat kutubxonalaridan yaxshiroq joy yo‘q. Bizda ular aholining barcha qatlamlari uchun ma’lumu mashhur bo‘lgan joy bo‘lishi kerak. Kambag‘allar va boylar, ma’lumotlilar, ma’lumotli bo‘lish istagida yurganlar, ishsizlar, yoshlar va katta yoshlilar, mahalliy aholi va mehmonlar — tom ma’noda har kim ularning resurslaridan foydalana olishi kerak.

Kutubxonalar kitob klublari, kino oqshomlari, tikuv-to‘quv to‘garaklari, san’at bilan shug‘ullanish, kundalik voqea-hodisalardan xabardor bo‘lish kabi imkoniyatlari bilan keksalar, ayniqsa yolg‘iz qariyalar uchun madaniy faoliyat yuritish uchun qulay maskandir. Bu joylar turli avlod vakillarining o‘zaro muloqoti uchun juda ham mosdir. Ulardan ko‘pchiligi uchun kutubxona, bu — asosiy vaqtini o‘tkazadigan muhim joy. Biroq, afsuski, bunday joylardan hozircha bizda yo‘q.

Bu yer bolalarga odob-axloqni o‘rgatish uchun juda yaxshi joy. Kutubxonalar bolalarga javobgarlik madaniyatini — qarzdorlik, oshkora ravishda nima haqdadir g‘amxo‘rlik qilish hamda ulardan boshqalar ham foydalana olishlari uchun qaytarib berish nima ekanini o‘rgatgan holda ularda o‘zlari va tevarak-atrofdagilar oldida javobgarlikni his qilishni o‘zlashtirishga yordamlashadi. Kutubxonadan foydalanish, bu — bilganlarini boshqalar bilan bo‘lishish hamda ko‘pchilikning manfaati uchun munosib shaklda harakat qilish odatlarini o‘zlashtirish demakdir.

Kalgari markaziy kutubxonasi, Kanada. Foto: Farhod Fayzullayev.

Jamoat kutubxonalari maktabdan keyingi vaqtini tengdoshlari bilan o‘tkazishni xohlagan o‘smirlar o‘rtasida ham keng ommalashadi. Bunga sabablardan biri — ularning doimo ochiq, hammabop va bepul bo‘lishidir. Kutubxonalar turli maktablarda o‘qiydigan bolalarning o‘zaro muloqotini yaxshilaydi.

Jamoat kutubxonalari gender tafovutlarni qisqartirishga yordamlashuvchi dasturlarga ega bo‘lishi mumkin. Bu yer qizlar va ayollar o‘zlarini erkin his qiladigan, kompyuter, internet va texnologik ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lgan joydir. Jamoat kutubxonalari tizimi butun dunyoda, masalan Uganda, Gonduras, Ukraina, Kolumbiyada maqsadli dasturlar yordamida AKTdan foydalanishdagi gender tafovutlarni bartaraf etishdagi ahamiyatini allaqachon namoyon etib ulgurdi. Maishiy zo‘ravonlikdan aziyat chekadigan ayrim bolalar uchun uyga vazifalar yoki topshiriqlarni bajarishlari uchun tinch joy kerak. Jamoat kutubxonalari bu kabi bolalar va ularni «ko‘cha hayotidan uzoqroq tutish» uchun o‘ziga xos boshpana vazifasini bajarishi mumkin.

Raqamli texnologiyalar davrida kutubxonalar

Texnologiyalar hayotimizning barcha jabhalariga chuqurroq kirib borayotgan bir vaqtda, kutubxonalar «shaxsiyat inqirozi»ni boshdan kechirmoqda. Internet zamonida ular dolzarbligini yo‘qotadi, degan tushunchalar paydo bo‘lishi mumkin, biroq aslida ular mislsiz darajada ommalashib, o‘zida o‘ta muhim ijtimoiy institutlarning namoyon etadi.

Takrorlayman, jamoat kutubxonasi deganda kitob javonlari joylashtirilgan xonalar, kitob do‘konlari yoki umumiy foydalanishdagi pulli idora/joylarni nazarda tutayotganim yo‘q. Kimdir maktab oshxonasi, universitet kutubxonalari, ijod uylari yoki pulli kovorking markazlar ham borligini aytishi mumkin, lekin ularning hech biri jamiyatga jamoat kutubxonalarichalik foyda keltirmaydi.

Kutubxonalarning jamiyat va shaharlar rivojiga qo‘shadigan hissasi ko‘plab mamlakatlarda oliy hokimiyatlar darajasida tan olingan. 2016 yilda Pyu tadqiqot markazi tomonidan olib borilgan izlanishga yakunlariga ko‘ra, 16 va undan katta yoshdagi amerikaliklarning yarmiga yaqini yil davomida jamoat kutubxonasidan foydalangan, uchdan ikki qismi esa mahalliy kutubxonaning yopilishini jamiyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblaydi.

AQSHda 2016 yilda «Millenial» avlod vakillarining yarmiga yaqini jamoat yoki harakatlanuvchi kutubxonalarga tashrif buyurdi.

So‘nggi 12 oy davomida kutubxonalarga tashrif buyurgan turli davr vakillari (foizda)

Jamoat kutubxonalari/kitoblar

Milleniallar (18−35 yosh) — 53

«X» avlod — 45

«Beybi bumerlar» (52−70 yosh) — 43

«Silent» avlodi (71−80 yosh) — 36

Jamoat kutubxonalari veb-saytlariga tashrif

Milleniallar (18−35 yosh) — 41

«X» avlod — 33

«Beybi bumerlar» (52−70 yosh) — 24

«Silent» avlodi (71−80 yosh) — 11

Manba: Pew Research Center, 2016 yilning 29 sentyabridan 6 noyabriga qadar o‘tkazilgan tadqiqot.

Kutubxonalarga borish Qo‘shma Shtatlarda eng keng tarqalgan madaniy faoliyat turlaridan biri hisoblanadi. 2019 yilda AQSHda 18 yoshdan kattalar kutubxonalarga xordiq chiqarishning boshqa odatiy turlariga nisbatan o‘rtacha 10,5 marta ko‘proq tashrif buyurganini ma’lum qildi.

Internetsiz imkoni yo‘q

Internetning kunimizdagi ahamiyati hamda uning ta’lim-tarbiyaga ta’siriga to‘xtalib o‘tishning hojati yo‘q. Mobil internet tezligi bo‘yicha mamlakatlar reytingiga qarasak, O‘zbekiston faqatgina Ruanda, Sudan, Venesuela, Jazoir, Afg‘oniston va Falastinni ortda qoldirgan holda 140 mamlakat orasida 134- o‘rinda ekanini ko‘ramiz. Bu mamlakatimiz uchun, ayniqsa barcha sohalar rivojlanayotgan bir vaqtda, mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holatdir. Boshqa tomondan esa O‘zbekiston keng polosali aloqa bo‘yicha reytingning 104- pog‘onasini band etmoqda.

Internet tezligi bo‘yicha global reyting

O‘rni

Mamlakat

Mbit/s

131

Salvador

10,32

132

Tojikiston

10,30

133

Iroq

9,81

134

O‘zbekiston

9,51

135

Ruanda

9,07

136

Sudan

8,60

137

Venesuela

8,35

138

Jazoir

7,88

139

Afg‘oniston

6,82

140

Falastin

6,17

Manba: SpeedTest Global Index.

Bugungi kunimizda internet ovqat, uy-joy, elektr energiyasi kabi bugungi kunimizning asosiy ehtiyojlaridan biriga aylangan ekan, nima uchun biz uni yaxshilay olmas ekanmiz? Jamoat kutubxonasi ishonchli va tezkor internetga ulanmasdan turib faoliyat ko‘rsata olmaydi.

Mobil internet bilan birga, keng polosali internet tezligi va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlikni isbotlab bergan ko‘plab tadqiqotlar mavjud. Masalan, rivojlanayotgan mamlakatlarda keng polosali internetga ulanishning 10 foizga o‘sishi aholi jon boshiga hisoblangan YAIM ulushining 1,4 foizga o‘sishiga olib keladi. 2017 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har 100 kishidan 10 nafari 256 kbit/s tezlikdan yuqori tezlikdagi keng polosali internetga ulanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Pul masalasi nima bo‘ladi?

Ushbu kutubxonalar faoliyati asosan soliq to‘lovchilar hisobidan moliyalashtiriladi, xuddi soliq to‘lovchilar maktablar, shifoxonalar, o‘t o‘chirish xizmatlari, istirohat bog‘lari va yo‘l ishlari kabi boshqa ijtimoiy xizmatlarni moliyalashtirgani kabi. Sizning maktabga boradigan farzandlaringiz bo‘lmasligi mumkin, biroq baribir soliq to‘layverasiz va ushbu mablag‘lar, jumladan, davlat ta’lim tizimi uchun ham yo‘naltiriladi. Zero jamiyatda barcha bolalarning ta’lim olishi butun mamlakat kelajagi uchun muhim ekani ayni haqiqatdir.

O‘ylaymanki, bu bosqichda bizga mehmonxonalar, anjuman zallari (bir oyda bir marta foydalanamizmi-yo‘qmi) va hattoki biznes markazlari ham emas, ko‘proq maktablar, universitetlar, shifoxonalar, istirohat bog‘lari (daraxtlari bilan) va jamoat kutubxonalari zarurroqdir. Ayrimlar mehmonxonalar va ahmoqona binolar sayyohlarni jalb qiladi, deb aytishi mumkin. Lekin aslida bunday emas. Sayyohlar asl O‘zbekiston, uning tarixi va odamlarini ko‘rish uchun keladi.

Jamoat kutubxonalari boshqa joylarni bir qilgandan ham ko‘proq sayohatchilarni jalb qilishi mumkin. Masalan, 2014 yilda diqqatga sazovor joylarga boy bo‘lgan Nyu-Yorkda jamoat kutubxonalariga barcha professional sport arenalari, badiiy san’at markazlari, muzeylar, parklar va hayvonot bog‘larini bitta qilgandan ham ko‘proq odam tashrif buyurdi! 30 million tashrif buyuruvchiga qarshi 37 million kishi. Ishonish qiyin, shunday emasmi?

Yana bir qiziqarli fakt: Qo‘shma Shtatlarda jamoat kutubxonalari soni McDonald’s restoranlari va Starbucks qahvaxonalari sonidan ko‘p!

Jamoat kutubxonalarini qurish biznes markazlari kabi milliardlab dollarni talab qilmaydi, ehtimol, hatto million dollar ham kerak bo‘lmaydi. Biroq jamoat kutubxonalarining ROI (return on investment) ko‘rsatkichlari mislsiz darajada. Ayrim manbalarga ko‘ra, jamoat kutubxonasiga sarflangan har bir dollar 10 dollargacha daromad keltiradi. Bu haqiqatdan ham ulkan sarmoyaviy imkoniyat! Masalan, San-Fransisko jamoat kutubxonalari tizimiga kiritgan har bir dollardan 5 dan 9 dollargacha miqdorda «daromad» oladi.

Misollar

Sizga tanish bo‘lgan yana bir misol — Moskva — hozirda kutubxona madaniyati markazlaridan biri hisoblanadi. Yaqin vaqtlargacha bu madaniyat o‘tmishdan qolib ketgan sarqitdek tuyular edi. Biroq Moskva kutubxonalari sobiq ittifoq davri muassasalaridan XXI asr insonlari ishlashi uchun jonli maskanlarga aylanishning uddasidan chiqa oldi.

Moscow’s Fyodor Dostoevsky Library. Foto: Lucian Kim/NPR.

Olmaotada mavjud barcha kutubxonalarni ta’mirlash va ularni jamoat maskanlariga aylantirish, yangilarini barpo etishga qaror qilindi. Ganada esa korxonalar kutubxonalarga internetga ulanishlariga yordamlashadi, Serbiyada jamoat kutubxonalari aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga ko‘maklashadi.

AQSHda ular jamiyatning turli qatlamlaridan bo‘lgan muhojirlar ingliz tilidan mutlaqo bepulga saboq oladi. Nima uchun biz ham xuddi shunday ko‘rinishda barcha uchun bepul o‘zbek tili mashg‘ulotlarini tashkil eta olmas ekanmiz? Bu «O‘zbekistonda hamma o‘zbek tilida gapirishi kerak», degan ruhda ommaviy tashviqot qiladiganlarga amalda o‘z hissalarini qo‘shishlari uchun ham yordam bergan bo‘lar edi. Yuqorida sanab o‘tilgan barcha dasturlar — ayollar ta’limi, bolalarni rivojlantirish, keksalarning kompyuter savodxonligi, dasturlash, 3D modellashtirish, tikuvchilik va boshqalar — kutubxona hayotini to‘ldirishi mumkin.

G‘oya juda oddiy. Masalan, Toshkentda har bir tumanda o‘zining jamoat kutubxonasi hamda bitta shahar markaziy jomoat kutubxonasi bo‘lishi kerak. Farg‘ona, Navoiy, Buxoro va boshqalarda ham xuddi shu singari. Eng asosiysi, ushbu kutubxonalar qandaydir mahalla guzari yoki ma’muriyati shaklida bo‘lmasligi kerak, ular hech qanday byurokratiya, jumladan a’zolik va homiylik kabilar bilan bog‘liq bo‘lmasligi lozim. Kutubxonalar odamlarning o‘zlari tomonidan boshqarilishi va odamlarga xizmat qilishi lozim. Ehtimol, har qanday jamiyatda shahar kutubxonasichalik demokratiya hukmron bo‘lgan joyni topib bo‘lmasdir. Bu yerga kirish uchun yagona talab — qiziqish bo‘lishi kerak.

2019 yilda Milliy kutubxona huzurida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishini jamoat kutubxonalari madaniyatini shakllantirish borasidagi yaxshi qadam deb hisoblayman. Va ushbu yangi kutubxonalar navbatdagi kitoblar ko‘rgazma zali va zerikarli yig‘ilishlar o‘tkaziladigan joy bo‘lib qolishini emas, balki barchani birlashtiradigan va yuqorida aytib o‘tilgan xizmatlarni taklif qiladigan maskan bo‘lishini xohlardim. Bu yangi tug‘ilgan g‘oya emas — hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi 1870 yilda Toshkent jamoat kutubxonasi sifatida tashkil etilgan.

Aminmanki, kutubxonalar uchun kitob izlash muammo bo‘lmaydi. Butun dunyodagi ko‘plab kutubxonalar va jamg‘armalar kitoblar taqdim etishdan mamnun bo‘ladi; odamlar o‘z kitoblarini keltirishadi va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarmiz ham jon deb kitob jo‘natishlari mumkin.

Xelsinkidagi «Oodi» markaziy kutubxonasi, Finlyandiya. Foto: Varlamov.ru.

Xelsinkidagi «Oodi» markaziy kutubxonasi, Finlyandiya. Foto: Varlamov.ru.

Hayotiy zarurat

2019 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 20 foizi 10 yoshgacha bo‘lganlar va 55 foizi 30 yoshdan kichiklardir. Ularga ta’lim berish va ularni ishga joylashtirish imkoniyatlari mamlakatimiz kelajagini belgilaydi.

Soliqqa tortish, adliya, investitsiya, turizm, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, moliya tizimi (istagan soha nomini keltiring!) — har qanday sohaning rivojlanishi ta’limga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Bunda jamoat kutubxonalari muhim rol o‘ynashi mumkin. Shubhasiz, odamlar hali ham elektr, gaz, oziq-ovqat, uy-joy, ish bilan ta’minlashda muammolarga duch kelgan shahar yoki tumanlarda jamoat kutubxonalari g‘oyasi keraksizdek bo‘lib tuyulishi mumkin. Biroq, bu butunlay boshqa masala.

Keling, bir soniya bo‘lsa ham O‘zbekistonni qanday qiyofada ko‘rishni xohlashimiz haqida o‘ylaylik. O‘zingiz uchun, sayohatchilar uchun, sarmoyadorlar uchun. Faqat mazali mevalar va palovmi? Bizga shunchaki meros bo‘lib qoldirilgan tarixiy joylar va tarixiy binolarmi yoki? Shaharlarimiz markazlaridagi yangi zamonaviy mehmonxonalar va ishbilarmonlik markazlarimi? Boshqacharoq fikrda bo‘lishingiz ham mutlaqo tabiiy holat. Biroq, o‘ylaymanki, biz birgalikda qurishimiz mumkin bo‘lgan samarali ta’lim tizimidan boshqa g‘ururlanish mumkin bo‘lgan narsaning o‘zi yo‘q.

So‘nggi so‘z sifatida iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan va boshqa har qanday sohalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatib turadigan uchta asosiy soha borligini eslatishni xohlardim. Ular: ta’lim, sog‘liqni saqlash va qonun ustuvorligi. Qolgan barchasi ikkinchi darajali.

Muallif fikri tahririyat fikriga mos kelmasligi mumkin.

Botir Qobilov

Iqtisodchi, Garvard universiteti doktoranti va ilmiy tadqiqotchisi. Dyuk universitetida (AQSH) iqtisod bo‘yicha magistr darajasiga ega. Ilgari u O‘zbekiston Markaziy bankida yetakchi iqtisodchi bo‘lib ishlagan.