Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan Yakkasaroy tumani, Yu.Rajabiy ko‘chasi 66/1, 66/2, 66/3, 66/4 hamda 72-uylar oralig‘i daraxtlarning kesilishi bo‘yicha joyiga chiqib o‘rganilganda quyidagilar aniqlandi, deya xabar qildi boshqarma matbuot xizmati.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan manzildagi uylar oralig‘idagi yer maydonida poytaxt hokimining (sobiq hokim Rahmonbek Usmonov) 2018 yil 16 apreldagi qarori bilan Building And Supplies kompaniyasiga ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurish uchun maydoni 0.50 gektar yer doimiy foydalanishga ajratib berilgan. Building And Supplies kompaniyasi esa ustav fondi 7 mln so‘m bo‘lgan holda 2018 yilning 2 fevral kuni tashkil etilgan.

20 fevral kuni mazkur yer maydonida jami 81 dona, jumladan 6 dona «qayrag‘och», 3 dona «zarang», 1 dona «akatsiya», 11 dona «aylantus», 24 dona «shumtol», 10 dona «safora», 3 dona «eman», 9 dona «brussonetiya» (qog‘oz daraxti), 14 dona «tut» daraxtlari kesilgan.

Xabar qilinishicha, Yakkasaroy tuman hokimligi tomonidan jami 70 dona daraxtlarni kesilishi yuzasidan ruxsatnoma berilgan (hujjat sanasi ko‘rsatilmagan). Ruxsatnomada ko‘rsatilmagan daraxtlarning noqonuniy kesilishi natijasida o‘simlik dunyosiga 74,7 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

O‘tgan yilning 30 oktyabridagi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kiritilmagan qimmatli daraxt va butalarni kesishga 2020 yil 31 dekabriga qadar moratoriy e’lon qilingan edi. Ushbu davr mobaynida qimmatli daraxt va butalarni kesishga ruxsatnoma berilishi taqiqlangan.

«Agarda Yakkasaroy tuman hokimiyatining daraxtlarni kesishga ruxsatnomasi noqonuniy deb topilsa, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 630 mln 421 ming so‘mni tashkil etadi», — deya qayd etdi poytaxt boshqarmasi.

21 fevral kuni mazkur holat bo‘yicha hujjatlar huquqiy baho berish uchun Toshkent prokuraturasiga taqdim etildi.