O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev litsenziya va ruxsatnomalar sonini ikki-uch martaga qisqartirishni topshirdi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida bu haqda ma’lum qildi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda litsenziyalanishi kerak bo‘lgan 266 turdagi faoliyat va 138 turdagi ruxsat berish tartib-taomillari mavjud. Ularning ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilgandan so‘ng, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlariga, shuningdek jamoat xavfsizligiga putur yetkazadigan sohalardagina litsenziya beriladi, deya qayd etdi vazir.

«Davlat har bir sohada o‘zining ishtirok etish chegaralarini belgilab olishi kerak. Ushbu faoliyatni tartibga soluvchi qonun 20 yil oldin qabul qilingan. Shuning uchun biz yagona hujjat — litsenziyalash va ruxsat berish tizimini kompleks tartibga solish bo‘yicha alohida kodeksni ishlab chiqish topshirildi», — deya xabar qildi Ruslanbek Davletov.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda 33 davlat organi litsenziya berayotganini ta’kidladi. Masalan, Qurilish vazirligi 35 tadan ortiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi — 34 ta, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi — 438 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligi — 80 ga yaqin litsenziyalar beradi.

«Kimga kerak? Ertaga korrupsiya bo‘lmasligiga kim kafolat beradi?» — deb so‘radi davlat rahbari.

Prezidentning ta’kidlashicha, litsenziyalash tartib-taomillari sonini qisqartirish va litsenziyalash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, aks holda «barcha sohalar rivojlanishda orqada qoladi».

Shavkat Mirziyoyev advokat maqomini olish tartibini tanqid qildi. U advokatura to‘g‘risida qonun 2009 yilda qabul qilinganini esladi. Hujjatda litsenziya olish uchun advokatlik maqomini olish uchun da’vogar kamida ikki yillik yuridik mutaxassis tajribasiga ega bo‘lishi, shu jumladan kamida uch oy yuristlik firmasida amaliyot o‘tashi va malaka imtihonidan o‘tishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

«Bir advokatga 33 ming kishi to‘g‘ri keladi. Adolat qayerda? 2009 yilda qaror qabul qilindi: unda advokat bo‘lish uchun siz ikki yil yurist bo‘lib ishlashingiz kerakligi aytilgan. Yuristlarning o‘zlari yo‘q. Aslida ularga litsenziya olishlariga yo‘l qo‘yib berilmagan», — dedi u.

Qayd etish joizki, prezidentning 2020 yilgi Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmoni loyihasida 2020 yil 1 oktyabrdan Adliya vazirligi tomonidan advokatlik faoliyatini litsenziyalash tartiblarini bekor qilish ko‘zda tutilgan. Undan keyin advokatlik maqomi Advokatlar palatasi tomonidan taqdim etiladi.

Avvalroq biz yig‘ilishda xorijiy tajribada litsenziyalash o‘rniga xabardor qilish, majburiyatni sug‘urtalash, o‘zini-o‘zi boshqarish, texnik tartibga solish kabi muqobil usullar mavjudligi ta’kidlab o‘tilganini xabar qilgan edik. Xususan, rieltorlik, auditorlik, sud boshqaruvchiligi kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchilarning javobgarligini sug‘urtalash yoki o‘z-o‘zini boshqarish tizimlariga o‘tkazish mumkin.

Litsenziyalarning 79 foizi, ruxsat beruvchi hujjatlarning 80 foizi hanuzgacha qog‘oz shaklida berilmoqda. «Litsenziya» axborot tizimlari kompleksi 2014 yilda tashkil etilganiga qaramay, bugungi kunda bu portal deyarli faoliyat yuritmayapti. O‘tgan yili 4 mingdan ortiq litsenziya «bir darcha» tamoyiliga rioya qilinmasdan berilgan. 1 avgustga qadar litsenziya berish bilan bog‘liq barcha jarayonlarni to‘liq avtomatlashgan yagona elektron tizimini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.