O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni Anqarada Turkiya prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ushbu majmua Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an tashabbusi bilan bunyod etilgan. Mahobatli kutubxona kitob fondi (4 million bosma nashr va 120 milliondan ziyod elektron fayl) hamda xizmat darajasi bo‘yicha dunyodagi eng ulkanlaridan biridir.

Ochilish marosimida butun dunyodan ikki mingga yaqin mehmon — olimlar, yozuvchilar, ta’lim va madaniyat namoyandalari, davlat va jamoat arboblari qatnashdi. Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti tomonidan taklif etilgan oliy darajadagi yagona mehmon bo‘ldi.

Marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Davlat rahbari shunday muhim va shukuhli voqeaga taklif uchun minnatdorlik bildirib, qardosh turk xalqini ushbu ilm-ma’rifat maskani bilan muborakbod etdi.

«Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti — kitob va kutubxonalarda», — dedi prezident.

O‘zbek va turk xalqlarining ildizi bir, ma’naviyati mushtarak. Imom Buxoriy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Alisher Navoiy merosi xalqlarimizning milliy yuksalishiga katta hissa qo‘shgan. Qozizoda Rumiy Samarqandda mudarrislik qilgan. Ali Qushchi hayotining so‘nggi yillarini Istanbulda o‘tkazgan. Abdurauf Fitrat, Muhammadsharif So‘fizoda, Said Ahroriy kabi ko‘plab jadid bobolarimiz Turkiyada tahsil olgan.

Bugungi kunda Istanbulda Abu Rayhon Beruniy nomidagi universitet bor. Turkiya kitob fondlarida Alisher Navoiy asarlarining 100 dan ortiq qo‘lyozmalari saqlanib kelmoqda.

Davlat rahbari yurtimizda zamonaviy maktablar, ilmiy-ma’rifiy markazlar tashkil etilayotganini ta’kidladi.

Prezident turkiyalik olimlar, adabiyotshunos va dinshunoslarni ushbu madaniy-ma’rifiy tadbirlarga taklif etdi. O‘zbekistonning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod noyob qo‘lyozma asarlar saqlanayotgani, ularning aksariyati o‘z tadqiqotchilarini kutayotganini ta’kidladi.

Turkiya prezidenti ushbu quvonchli ayyomda O‘zbekiston prezidenti rafiqasi bilan birga ishtirok etayotgani uchun tashakkur izhor etdi.

«O‘zbekiston biz uchun madaniy tasavvurimizni shakllantirgan, olimlarni yetishtirgan, ilm, irfon va ma’naviy dunyomizni ta’minlagan hayotiy manbalarimizdan eng muhimidir, — dedi Rejep Tayyip Erdog‘an. — Ilm muhiti asrlar davomida Toshkent bilan Anqara, Samarqand bilan Konyo, Buxoro bilan Bursa, Xiva bilan Edirneni bog‘lab, o‘zaro boyitgandir. Bu kun Xalq kutubxonasini Janobi oliylari bilan birgalikda ochib, mushtarak madaniyatimiz haqida butun dunyoga muhim bir ishora bermoqdamiz».

Shavkat Mirziyoyev dunyoda o‘ta noyob bo‘lgan «Usmon Mushafi»ning mahalliy xattotlar tomonidan ko‘chirilgan nusxasi, Jaloliddin Rumiyning mashhur «Masnaviy» asari hamda Abu Bakr ar-Roziyning «Kasalliklar tarixi» asari qo‘lyozmalarining faksimile nusxalari, «Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari» nomli kitob-albom, Yunus Emro she’rlarining o‘zbek tiliga tarjimasi jamlangan «O‘lmas ko‘ngul» deb nomlangan kitoblarni kutubxonaga tuhfa qildi.

Shuningdek, Turkiya prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasiga 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblar taqdim etildi.