Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni O‘zbekistonda limonchilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, respublikada 2018−2019 yillarda 46 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy kredit liniyalari jalb qilinib, 730 gektar maydonda zamonaviy limonzorlar barpo etildi, limon yetishtiriladigan issiqxonalar umumiy maydoni 1221 gektarga yetkazildi.

«Shu bilan birga, innovatsion texnologiyalar asosida yangi, serhosil va jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lgan limon navlarini yaratishga yetarli e’tibor berilmayotganligi, sifatli axborot-konsalting xizmatlarini ko‘rsatish talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi, kooperatsiya munosabatlari to‘liq shakllanmaganligi oqibatida sohadagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmayapti», — deyiladi qarorda.

«Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar» uyushmasi nomi «Sitrus, subtropik va tropik o‘simlik yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar» uyushmasi etib o‘zgartirildi.

Tajriba tariqasida Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida Uyushma ishtirokida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Sitrus, subtropik va tropik o‘simliklar ilmiy-amaliy markazini (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tashkil etiladi.

Markazning asosiy vazifalari quyidagilar belgilandi:

  • kooperatsiya shartlari asosida sitrus, subtropik va tropik o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish hamda mahsulot yetishtiruvchilarga yetkazish;
  • sertifikatlangan va kafolatlangan limon ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha maxsus ko‘chatxonalarni tashkil etish hamda limon ko‘chatlarini yetishtiruvchi xo‘jaliklar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • mavjud issiqxonalarni modernizatsiya qilish hamda serhosil, eksportbop limon navlari kolleksiyasini va ko‘rgazmali limon plantatsiyalarini yaratish;
  • sitrus, subtropik va tropik o‘simliklar, eksport va import mahsulotlarini sertifikatlash;
  • sitrus, subtropik va tropik o‘simliklar, shuningdek, manzarali o‘simliklar, gullar va ko‘kalamzorlashtirish ekinlari ko‘chatlarini yetkazib berish;
  • mahsulot ishlab chiqaruvchilarni mineral o‘g‘itlar va kimyoviy moddalar bilan ta’minlash;
  • sitrus, subtropik va tropik o‘simliklarni qayta ishlash, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va xizmat ko‘rsatish;
  • sohani rivojlantirish bo‘yicha xorijiy texnologiyalar, fan va ishlab chiqarishdagi yutuqlar, yangiliklarga oid rolik va maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlash.

Hujjatda limonzorlar paxta va g‘alladan bo‘shagan hamda foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarida resurs tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan holda barpo etilishi belgilandi.

Yangi limonzorlar «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida ajratiladigan, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan barpo etiladi.

Bundan tashqari, limonchilik sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining kamida 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari jalb etish rejalashtirilmoqda.