Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan «Mobil qurilmalarni yagona xalqaro identifikatsiya IMEI kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini takomillashtirish» masalasini o‘rganish boshlandi, deya xabar qildi parlament quyi palatasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Dekabr oyi o‘rtalarida Mening fikrim jamoaviy murojaatlar portalida mobil qurilmalarni IMEI bo‘yicha pulli ro‘yxatga olishni bekor qilish to‘g‘risidagi petitsiya e’lon qilingan edi. Petitsiya e’lon qilingan vaqtdan buyon u 20 mingdan ziyod ovoz va 450 dan ortiq izoh to‘pladi. Parlament petitsiyani ko‘rib chiqishi uchun esa 10 ming ovoz yetarli.

Masalani o‘rganish uchun parlament quyi palatasining mutasaddi qo‘mitasi tomonidan sakkiz kishidan iborat ishchi guruh tuzilidi. Ishchi guruhdan tegishli qo‘mitadan to‘rt nafar deputat. Byudjet boshqaruvi vakili hamda AKT sohasida tajribali uch mutaxassis o‘rin oldi.

Qo‘mita tomonidan mazkur ma’ruzani tayyorlash doirasida quyidagi turdagi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda:

mobil qurilmalarni yagona xalqaro identifikatsiya IMEI kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish milliy tizimi faoliyati bilan bog‘liq statistik va moliyaviy ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish;

mobil qurilmalar kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tushadigan mablag‘lar hajmi va olingan mablag‘larni aniqlash va ularni maqsadli sarflash mexanizmlarini o‘rganish;

bojxona statistikasi ma’lumotlari asosida mobil aloqa texnikalari importi dinamikasi tahlili;

import qiluvchilar va fuqarolar tomonidan IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini o‘rganish, ushbu faoliyatda muammolar ehtimolini aniqlash;

mobil qurilmalarni davlat tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini tashkil etish va faoliyat yuritishi xalqaro tajribasining qiyosiy-taqqoslama tahlilini o‘tkazish;

foydalanuvchilar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazish;

joriy qilingan mobil qurilmalar kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimining tartibi, maqsad va vazifalarini aholiga yetkazish bo‘yicha axborot-tushuntirish ishlarining o‘tkazilishi samaradorligini o‘rganish va boshqalar.

O‘rganilgan ishlar asosida Qo‘mita mobil qurilmalarni yagona xalqaro identifikatsiya IMEI kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovni bekor qilish yoki qoldirishning maqsadga muvofiqligi, shuningdek, ushbu sohada faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha ma’ruzada o‘z fikrini bayon qiladi va ushbu fikrni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tasdiq uchun taqdim etadi.

UZIMEI loyihasi mutaxassislarining qayd etishicha, ishlab chiqilgan tizim mobil qurilmaning IMEI maqomini tekshirish va sotib olishdan avval noma’lum, klonlashtirilgan, yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan qurilmalarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi.