O‘zbekiston iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev 18-fevral kuni Toshkentda o‘tgan mamlakatda davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada 2020−2022-yillarda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirishning asosiy yo‘nalishlarini ma’lum qildi.

“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, vazir keyingi ikki yilda 37ta korxona faoliyatida raqamlashtirish keng tatbiq etilishini aytib, real sektor tarmoqlarini raqamlashtirishda quyidagi ustuvor uch yo‘nalishni aytib o‘tdi:

  • ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, moliyaviy-iqtisodiy faoliyatni avtomatlashtirish, moddiy-texnik resurslarni hisobga olish va boshqarish tizimlari (ERP);
  • ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishga qaratilgan axborot tizimlarni yagona axborot kompleksga jamlash bo‘yicha dasturiy mahsulotlar;
  • mijozlar bilan munosabatlarni tartibga solish, mahsulotlarni elektron tizimlar orqali sotish, marketingni boshqarish tizimlari (CRM).

Botir Xo‘jayevning aytishicha, qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha 2023-yilga qadar umumiy qiymati 5,2 trln so‘mga teng jami 92ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Loyihalar 37ta korxona faoliyatiga doir bo‘lishi hamda quyidagi yirik o‘zgarishlarni nazarda tutadi:

  • “Olmaliq KMK” “Yoshlik-1” va “Qolmoqqir” konlarida kon transport kompleksini avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi;
  • “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” “Muruntov” konida kon-transporti kompleksini avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi;
  • “O‘zbekneftgaz” kompaniyasining boshqarishga yo‘naltirilgan korporativ axborot tizimi (ERP), bundan tashqari konlardagi texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va monitoring qilish axborot tizimi;
  • “O‘ztransgaz” dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish dasturiy-apparat kompleksi (SCADA).

“Bugungi kunda mamlakatimizda tashkil etilgan raqamli maydonchalar, ya’ni raqamli platformalarni chuqurlashtirish va ularning faoliyatini kengaytirish bilan bog‘liq masalaga alohida e’tibor qaratiladi… Tarmoq rivojlanish darajasini ko‘paytirish, oshirish hisobiga shu vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilyapti”, — deya ta’kidladi Xo‘jayev.

Joriy yilda 47ta rejalashtirilgan loyihani amalga oshirish uchun 1,2 trln so‘m ajratiladi. Keyingi yilda bu ko‘rsatkich 2,1 trln so‘mni tashkil etib, 23ta loyiha bajariladi.

Foto: Alisher Ro‘zioxunov / “Gazeta.uz”.

Vazirning qayd etishicha, hukumat iqtisodiyotni raqamli ko‘rinishga transformatsiya qilishda alohida tashkilot tuzishni istisno etmaydi.

“2011-yilda Germaniyada alohida strategiya qabul qilingan — Industrie 4.0 (raqamlashtirish bo‘yicha hukumatning harakatlar rejasi — tahr.), AQSHda esa raqamlashgan sanoatni yaratish uchun Industrial Internet Consortium tashkiloti tuzildi. Rossiya Federatsiyasida „Milliy texnologik tashabbus“ degan tashkilot tashkil etish orqali shu jarayonni rivojlantirish masalasi ancha tizimli ravishda olib borilgan. Albatta, [biz] bu borada o‘zimizning tajribaga suyangan holda, ishimizni tashkil etamiz”, — dedi u.

Raqamli iqtisodiyotning yetakchi davlatlar YAIMdagi ulushi yil sayin o‘sib bormoqda. Masalan, uning AQSH iqtisodiyotidagi ulushi 10,9 foiz, Rossiyada 3,9 foiz, Hindistonda 5,5 foiz, Belarusda 6,5 foiz va Xitoyda 10 foizni tashkil etadi.

O‘zbekiston raqamli sanoat bozorini shakllantirish uchun uchta muhim shartni belgilab olgan, deya ma’lumot berdi vazir. Uning bildirishicha, raqamli muhitni me’yoriy tartibga solish (konsepsiya, dastur va qonun), infratuzilmaviy rivojlanish (data markaz, mobil, internet, biznes va ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirish qurilmalari) va mutaxassislarni tayyorlash sog‘lom bozorni yaratishda tirgak bo‘ladi.

“Toshkent shahrida tashkil etilayotgan texnoparkning Nukus, Urganch, Buxoro, Samarqand, Namangan va Guliston shaharlarida filiallari tashkil etiladi”, — deya ma’lumot berdi vazir.

Botir Xo‘jayev anjuman davomida hukumat tez orada raqamli platformalarni ham rivojlantirish va ishga tushirishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, dastlabki e’tibor quyidagi sakkizta platformaga qaratiladi:

  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;
  • Davlat xaridlari portali;
  • Elektron kooperatsiya portali;
  • Mahalliylashtirish dasturi monitoringi;
  • Investitsiya dasturlari monitoringi;
  • Kichik sanoat zonalari faoliyati monitoringi;
  • Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari monitoringi;
  • Elektron to‘lov tizimlari.

Iqtisodiyot va sanoat vaziri firlari yangragan xalqaro anjumanda demokratik modernizatsiya va davlat boshqaruv faoliyati ham tahlil qilingan. Anjuman haqida “Gazeta.uz” reportajida o‘qishingiz mumkin.