Yusupov Sanjar Mirtoirovich shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi, deya xabar qildi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati. Sanjar Yusupov mazkur lavozimga Qahramon Rashidov o‘rniga tayinlandi.

Tashkiliy masala Xalq deputatlari Chirchiq shahri Kengashining navbatdan tashqari uchinchi sessiyasida ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat hokimi Rustam Xolmatov tanqidiy-tahliliy nutq so‘zladi. Viloyat rahbari o‘z so‘zida shaharda bugun to‘planib qolgan muammolar, ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga tanqidiy baho berdi.

«Chirchiq — sanoat shahri, ammo oxirgi ikki yilda hududda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi sezilarli ravishda kamaygan», — dedi viloyat hokimi.

Yig‘ilishda, shuningdek, shaharda bugun kommunal sohada yig‘ilib qolgan muammolar, aholi, birinchi navbatda, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qilingan ishlar tahlil qilindi.

Sanjar Yusupov mehnat faoliyati davomida «Toshkent traktor zavodi» OAJ, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ da mas’ul vazifalarda ishlagan. Sanjar Yusupov 2018—2020 yillar davomida Toshkent viloyati hokimining kapital qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.