21 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida alohida guruhga mansub aholiga davolanish uchun imtiyozli order taqdim etish masalasida uchrayotgan muammolar tahlil etildi. «Gazeta.uz» muxbiri ishtirok etgan yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati deputatlarga hisobot berib, vaziyat yuzasidan savollarga javob berdi.

O‘zbekistondagi ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika markazlarida imtiyoz guruhlarga mansub aholiga davolanish uchun order berish hukumatning (2004 yil va 2017 yilda qabul qilingan) qarorlari bilan tartibga solinadi.

Amaldagi qonunchilikka binoan, imtiyoz guruhlarga mansub aholiga yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan quyidagi davolash-profilaktika markazlarida byudjet hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi:

  • Tibbiy yordam Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
  • Tibbiy yordam Respublika ixtisoslashtirilgan endikrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
  • Tibbiy yordam Respublika ixtisoslashtirilgan dermotovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
  • Tibbiy yordam Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
  • Tibbiy yordam Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

Barcha respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslar ro‘yxatiga quyidagi aholi toifasi kiritilgan:

  • Bolalikdan imkoniyati cheklangan;
  • Chin yetimlar;
  • I va II guruh nogironlari;
  • 1941−1945 yillardagi urush davrida mehnat jabhasining qatnashchilari;
  • Chernobil AES falokatini tugatishda ishtirok etgan shaxslar jumlasiga kiruvchi imkoniyati cheklangan fuqarolar;
  • Baynalminal-jangchilar;
  • Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridan moddiy yordam oluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami;
  • Chaqiruv komissiyalarining yo‘llanmalari bo‘yicha chaqiruv yoshidagi shaxslar.

Shuningdek, vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha:

  • 18 yoshga to‘lmagan patologiyali bemor bolalar va homilador ayollar;
  • endokrin kasalliklarga chalingan bemorlar;
  • jinsiy yo‘l bilan yuqtiriladigan kasalliklarga chalingan bemorlar;
  • sil kasalliklari bemorlari;
  • onkologik kasalliklari bemorlari.

Yuqorida qayd etilgan tibbiy muassasalarda davolanish uchun har chorakda tasdiqlangan jadval asosida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari va DPM hisobotlari asosida navbat va extiyoj aniqlanadi.

«Aniqlangan extiyoj va navbat vazirlikning iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga taqdim qilinadi va boshqarma kvotani belgilab beradi. Shu navbat asosida, ajratilgan orderlar sonidan kelib chiqib, hududlarga orderlar chorakda yangidan taqsim qilinadi», — dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahrom Mo‘minov.

Uning aytishicha, hukumat qarorida belgilangan foizda imtiyozli orderlarni berish uchun yetarli mablag‘ ajratilmasligi davolanishda imtiyozli guruhga mansub bemorlarni markazlarga yo‘llashda cheklov qo‘llanishiga sabab bo‘lmoqda.

Bahrom Mo‘minov. Foto: Abbos Normatov / Qonunchilik palatasi axborot xizmati.

«Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga rejalashtirilgan tibbiy xizmatlar uchun 30 foiz, shoshilinch tibbiy xizmatlar uchun 8 foiz moliyalashtirish ajratilishi ko‘zda tutilgandi. Ammo 2019 yilda u 18 foizga moliyalashtirildi. Bu mablag‘ 1400ta orderga yetgan, extiyoj bo‘yicha 2019 yilda 2880ta statsionar order kerak bo‘lgan», — deya qayd etdi u.

Ma’lum qilinishicha, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga rejalashtirilgan tibbiy xizmatlar uchun 30 foiz, shoshilinch tibbiy xizmat uchun 5 foiz, ammo 2019 yilda 15 foizga moliyalashtirish mablag‘i ajratilgan. Ushbu mablag‘ 1439ta orderga yetib, amalda 2448ta talab etilgandi. Markazlarning birortasiga rejalashtirilgan mablag‘ yetkazilmagan, moliyalashtirish esa 8−18 foizni tashkil etadi.

Qolaversa, respublika bo‘ylab tashkil etilgan sayyor qabullar va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining viloyatlarga yordam sifatida o‘tkazgan tibbiy tekshiruvlarida imtiyoz guruhga mansub shaxslar kasalliklarning aniqlanishi natijasida orderga bo‘lgan extiyoj ham bir necha barobarga oshib bormoqda.

«Shu bilan birga, davlat tashkilotlari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda ishtirok etgan xodimlar tomonidan fuqarolarga navbatsiz, imtiyozga ega bo‘lmagan bemorlarga order berishga va’da qilishi ham katta muammoga sabab bo‘lyapti», — deya ma’lumot berdi Mo‘minov.

Sog‘liqni saqlash vazirning birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev ham yuqori instansiyalarga murojaat qilish orqali navbatsiz order olish, alohida imtiyozga ega bo‘lmay arz etish holati ko‘payganini tan oldi. Shunday murojaatlar payti keyingi chorak taqsimoti hisobidan order taqdim etilishi masalaga yechim bo‘layotgani bildirildi.

Bahodir Yusupaliyev. Foto: Abbos Normatov / Qonunchilik palatasi axborot xizmati.

Bundan tashqari, Mo‘minov hududiy tibbiy tanlov komissiyasi tomonidan bemorlarni markazlarga noto‘g‘ri yo‘llash holatlar uchrab turishini tanqid qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu yo‘nalishda paydo bo‘luvchi muammolarni samarali bartaraf etish uchun extiyojga mos ravishda orderlarni ajratishga yetarli mablag‘ ajratishni taklif qildi. Shuningdek, hududiy boshqarmalar nazoratini kuchaytirib, teletib ko‘riklarni tashkil etish, shu orqali bemorlarga masofadan tashxis qo‘yish taklif qilindi. Vazir o‘rinbosari order berish tartibini shaffoflashtirish uchun elektron ro‘yxat tuzish haqida gapirdi.