19 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi xorazmlik jurnalist Davlat Nazar (Davlatnazar Ro‘zmetov)ni mashinasida urib ketgan haydovchi Umidbek Saparovga uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Shuningdek, u avtomobilni 1,5 yil muddatga boshqarish huquqidan mahrum etildi. Bu haqda marhumning do‘sti, sudda guvoh sifatida so‘roq qilingan Umidbek Davlatov «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Sud hukmi bilan «Xorazm invest» MCHJda ishlagan haydovchi O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, sud marhumning turmush o‘rtog‘i sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligi inobatga olgan. U Umidbek Saparovning ikki nafar voyaga yetmagan farzandini yakka boquvchisiz qoldirmaslikni sudyadan so‘ragan. Sudya qaror chiqarishda haydovchining muqaddam sudlanmaganini ham inobatga olgan.

2019 yil 7 noyabrda «GAZel» avtomobili ishtirokidagi YTHda 48 yoshli Davlatnazar Ro‘zmetov bosh tana qismidan jarohat olib, voqea joyida vafot etgandi. Marhum jurnalist turli yillarda «Jamiyat» gazetasida muxbir, «Xorazm yoshlari» gazetasida esa muharrir o‘rinbosari lavozimida ishlagan.