O‘zbekiston ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA.

Unda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov, viloyat hokimi Farhod Ermanov, viloyat va shahar-tuman sektor rahbarlari, jumladan, ichki ishlar, prokuratura, soliq, shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi uchun mas’ul bo‘lgan barcha davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor 2019 yil davomida va joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga qaratilib, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning mol-mulklarini ishonchli himoya qilish, yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.

Jumladan, 2019 yil yakuniga ko‘ra Xorazm viloyatida sodir etilgan jinoyatlar soni 2,1 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 0,2 foizga, shu jumladan qotillik, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, o‘g‘irlik, transport vositalari olib qochish va o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari kamaygan.

Viloyatning 51 foiz mahallasida jinoyatlar sodir etilmadi, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar, ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kamaygani ta’kidlandi.

Shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda Urganch tumanining «Tandirchi» mahallasida «Obod va xavfsiz mahalla» shiori ostida amalga oshirilayotgan ishlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, unga qarshi kurash borasidagi ijobiy yutuqlar sifatida alohida e’tirof etildi.

Mahalla aholisi ishtirokida 4 ta sektor rahbarlari tomonidan 798 ta jinoyatlar bo‘yicha o‘tkazilgan muhokamalar ta’sirchanligi, sabab va sharoitlarini o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha manzilli choralar ko‘rilganligi ahvoli birma-bir o‘rganildi.

Ichki ishlar vaziri barcha tuman-shaharlarda 4 ta sektor rahbarlari ishtirokida shaxsiy tarkib bilan suhbatlar o‘tkazib, mahalla, huquq-tartibot idoralari va jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish, aholi uchun xavfsiz sharoitlarni yaratish borasida topshiriqlar berdi.

Bundan tashqari, yig‘ilish davomida Xorazm viloyatida jinoyatchilikni jilovlash va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash borasida mas’ul idoralarning o‘zaro hamkorlikdagi ishlarida kamchiliklar mavjudligi, viloyatning 254 ta mahallalarida sodir etilgan har yettinchi jinoyat «Istiqlol», «Temir yo‘lchi», «Olimpiya», «Do‘stlik», «Ma’rifat», «Bog‘dor» va «Taraqqiyot» mahallalari hissasiga to‘g‘ri kelayotganligi ta’kidlandi.

Shu sababdan mahallalar hududida jinoyatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish maqsadida tashkil etilgan «Jamoatchilik nazorati maskanlari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, sektor rahbarlari ishtirokida, jamoatchilik bilan jinoyatlarni doimiy muhokama qilib borish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, viloyatda kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar, axloqsiz xatti-harakatlar, ajrimlar, o‘z joniga qasd qilish kabi salbiy illatning oldini olish borasida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha manzilli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish davomida o‘z xizmat vazifalarni bajarishda mas’uliyatsizlik va beparvolik bilan yondashib, xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun viloyat IIB Harbiy safarbarlik bo‘limi boshlig‘i R.Xodjiyev, Ekspert-kriminalistika bo‘limi boshlig‘i Q.O‘rinov, Xiva tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari D.Madraximov va Hazorasp tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i A.Yusupov va yana 6 nafar profilaktika inspektorlari egallab turgan lavozimlaridan ozod qilindi. Shuningdek, bir qator xodimlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.