Toshkent viloyatida hokimning birinchi o‘rinbosari va ikki o‘rinbosari tayinlandi, deya xabar qildi viloyat ma’muriyati matbuot xizmati. Tashkiliy masala 19 fevral kuni Prezident administratsiyasi va O‘zbekiston hukumati vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda ko‘rib chiqildi.

Viloyat hokimining sanoat, iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga Mullaxanov Bahodir Mullaxonovich (1974 yilda tug‘ilgan) tayinlandi. U Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (1992−1996) va Oklaxoma davlat universiteti magistraturasini (1997−1998) tamomlagan. Turli yillarda Markaziy bank tizimlarida, shu jumladan Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida MB bosh boshqarmalari boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan. «Asaka» bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2012 yildan tayinlovga qadar u «Qishloq qurilish bank» boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

2017 yil noyabridan buyon hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimida Odilxon Rustamov faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. U Toshkent tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuhrat Jo‘raboyevich Hakimov (1976) hokimning kapital qurilish va kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan (1993−1998). Turli yillarda sobiq Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tuzilmasida ishlagan (1999−2011). 2011 yildan Vazirlar Mahkamasida ishlagan. Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar u Vazirlar Mahkamasining hududlarini, aloqa va mudofaa sanoatini kompleks rivojlantirish kotibiyatida bosh mutaxassis bo‘lib ishlagan. U 2018 yil yanvar oyidan beri hokim o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Sanjar Yusupov o‘rnini egalladi.

Polkovnik Ilhomboy Tilavbayevich Xudayberganov (1971) hokim o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi, 2019 yildan buyon u Toshkent viloyat IIB boshlig‘ining uchinchi hududiy zona bo‘yicha vakili — markaz boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Avval Bo‘ka tuman IIB boshlig‘i (2018−2019) va Toshkent viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari (2018) sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Eslatib o‘tamiz, hokim o‘rinbosari — boshqarma boshlig‘i lavozimi Mahalla va oila masalalari vazirligi tashkil etilishi munosabati bilan ta’sis etildi.