O‘zbekistonlik erkin kurashchi Hasanboy Rahimov (125 kg gacha), suriyalik Badha Xutab (125 kg gacha) va fransiyalik Zelimxon Xojiyev (74 kg gacha) dopingga qarshi kurash qoidalarini buzganliklari sababli 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari litsenziyasidan mahrum bo‘lishdi. Xalqaro antidoping agentligi ularning organizmida taqiqlangan moddalar mavjudligini aniqladi, deb xabar berdi Jahon kurash birlashmasi (UWW) matbuot xizmati.

O‘tgan yilning sentyabr oyida Nur-Sulton shahrida (Qozog‘iston) bo‘lib o‘tgan sport kurashlari bo‘yicha Jahon chempionatida dastlabki litsenziyalar qo‘lga kiritilgan edi. Olimpiya vazn toifasida TOP-6 ga kirgan sportchilar Olimpiada uchun yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan edi. O‘shanda Hasanboy Rahimov bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi.

Ular o‘rniga Kammil Ribitskiy (Polsha), Ezgon Shala (Kosovo) va Yadolax Mohebi (Eron) Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarga ega bo‘lishdi. Ammo O‘zbekiston, Suriya va Fransiya vakillariga mart oyida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya saralash musobaqalarida qatnashish huquqi beriladi va ular yana litsenziyani qo‘lga kiritishga harakat qilib ko‘radi.