O‘zbekistonda aviachiptalar narxini loukasterlar va tariflarni optimallashtirish hisobiga arzonlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 19 fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro aviatsiya forumida transport vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tijorat faoliyatining gibrid modeli, jumladan loukasterlar, shuningdek, taqdim etilayotgan xizmatlar turlarini kengaytirish rivojlantirish hisobiga aviakompaniyalarni rivojlantirish uchun qulay muhitni yaratish rejalashtirilmoqda.

Buning uchun Havo kodeksiga qo‘l yukisiz va qaytarib berilmaydigan chiptalarni taqdim etishni ko‘zda tutgan qo‘shimchalar kiritiladi.

«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu aviachiptalarni 20 foizga arzonlashtiradi», — dedi Ilhom Mahkamov.

Avvalroq, transport vaziri Elyor G‘aniyev O‘zbekiston aviatsiya sanoatini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar natijasi xizmatlar sifatini oshirish va chiptalar narxini pasaytirish bo‘lishi kerakligini ta’kidlab o‘tgan edi.

«Gazeta.uz» avval xabar berganidek, prezident farmoni loyihasida aprel oyiga qadar Havo kodeksiga qaytarib berilmaydigan va bagajsiz tariflardan foydalangan holda havo transporti xarajatlarini optimallashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Loyiha 2019 yil 24 dekabrgacha muhokamaga qo‘yildi, ammo hujjat hozircha qabul qilinmagan.