O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni Anqarada Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Tadbirda Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), «Gebze» uyushgan sanoat zonasi, «Ziraat» banki, «Zorlu xolding», «Joshkunoz xolding», «Ekzachibashi», «Baykar», «Dunyagoz», «Kanimed saglik», «Bau global», «Xavelsan» kabi qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidenti bilan o‘tgan muzokaralarda biznes aloqalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib olinganini ta’kidladi.

«O‘zbekiston kechagi O‘zbekiston emas. Bugun mamlakatimizga kirgan kompaniya albatta manfaat topadi. Men bunga kafolat beraman. Buning uchun zarur huquqiy, institutsional sharoitlar yaratib beriladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda, shuningdek, kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng ko‘lamda amalga oshirish, savdo, innovatsiya, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni faol ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Turkiyalik ishbilarmonlar o‘tgan yili O‘zbekistonga borgani, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘zgarishlarga, odamlarda «islohotlar tafakkuri»ga guvoh bo‘lganini ta’kidladi. O‘zbekiston bozoriga kirish, hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi.

Shu bilan bir qatorda «Ronesans Holding» bilan «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga 630 million yevro, Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish, shuningdek, shifoxonalar va savdo markazlarini qurish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.

Bugungi uchrashuvda O‘zbekiston bilan Turkiyaning vazirlik va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish, klinikalar va oliy o‘quv yurtlari tashkil etish bo‘yicha aniq loyihalar muhokama qilindi. Prezident bu rejalarni ma’qullab, mutasaddilarga tez fursatlarda amaliy ishlarga o‘tish, byurokratik to‘siqlarsiz ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.