Afg‘onistonning amaldagi rahbari Ashraf G‘ani prezident saylovida ovozlarni yakuniy hisoblash natijalariga ko‘ra rasman g‘olib deb topildi, deb xabar bermoqda RIA Novosti mamlakatning Mustaqil saylov komissiyasi (MSK) raisi Havu Alam Nuristaniga tayanib.

MSK ma’lumotlariga ko‘ra Ashraf G‘ani 50,64 foiz ovoz to‘pladi va shu tariqa ikkinchi muddatga qayta saylandi.

Ikkinchi o‘rinni 39,52 foiz ovoz bilan amaldagi hukumat rahbari Abdulloh egalladi. Sobiq bosh vazir, «Hizb-e-Islami» (Afg‘oniston Islom partiyasi) rahbari Gulbuddin Hekmatyar 3,85% ovoz oldi.

28 sentyabr kuni Afg‘onistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tgan edi. Dastlabki natijalar e’lon qilinganidan keyin shikoyatlar va da’volar bo‘yicha komissiyaga 16,5 mingga yaqin shikoyat kelib tushdi, deya aniqlik kiritadi RIA Novosti.