O‘zbekiston prezidenti 18 fevral kuni «Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Farmonga muvofiq, har bir mahallada «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etiladi.

Farmon bilan O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etildi.

Jamiyatda «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko‘maklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini o‘rnatish vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Farmonga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda «Mahalla» o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va vazirlik tuzilmasiga o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi rahbar organlarining ushbu tashkilotlarni tugatish haqidagi qarorlari qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi «Nuroniy» jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) bo‘limlarini tugatish haqidagi qarorlari qabul qilindi.

Bundan tashqari, farmonga ko‘ra, 1 apreldan boshlab, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Bunda, agentlikka FHDYO organlarining ishini tizimli nazorat qilish, malakali kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, «FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimini yuritish va FHDYO organlarining hududiy arxivlariga rahbarlik bo‘yicha funksiyalar yuklanadi.

Farmon bilan Mamlakatda «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan tizimni samarali joriy etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mahalla tizimini rivojlantirish va jamiyatda «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyilini joriy etishning 2020−2024 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga Rahmat Mamatov nomzodini ma’qulladi.