O‘zbekiston va Jahon savdo tashkiloti (JST) yaqin vaqtlarda mamlakatning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi yig‘ilishlarini qaytadan boshlaydi, deb xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh 1998 yilda tashkil etilgan edi. Keyingi yillarda ushbu ishchi guruh faqat uch marta uchrashdi va 2000 yillarning o‘rtalarida uning xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlari to‘xtatilgan.

17 fevral kuni O‘zbekistonning Jenevadagi BMT va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov JST bosh direktori Roberto Azavedo bilan uchrashdi.

«Tomonlar O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikning kun tartibidagi masalalarini, shu jumladan yaqin vaqtlarda Jenevada mamlakatimizning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining to‘rtinchi yig‘ilishini o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqdilar», — deyiladi xabarda.

JST bosh direktori tashkilotning respublikaga a’zo bo‘lish jarayonida zarur hujjatlarni tayyorlash, o‘zbekistonlik ekspert va mutaxassislarning mavzuli seminar va kurslardagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek tomonlarning kelishuviga binoan ishchi guruh yig‘ilishlarini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, respublikaning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 2019 yil iyul oyida O‘zbekiston JSTga tashkilotga a’zo bo‘lish uchun tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi yangilangan memorandumni arizani ko‘rib chiqishga taqdim etgan paytda boshlangan edi.