Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga Rahmat Mamatov nomzodini ma’qulladi. Bu haqda «Xalq so‘zi» nashri xabar qildi.

Ayni paytda u Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari — «Mahalla» xayriya jamoat fondi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Qayd etilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 18 fevral kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida O‘zbekiston prezidentining «Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonini tasdiqlash haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarining mazkur farmoni bilan O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilmoqda. Deputatlar mazkur Farmonni tasdiqladilar.