«Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi qonun 17 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi. Mazkur hujjat «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilindi.

Ayni paytda iqtisodiy zonalarning faoliyati 1996 yilda qabul qilingan «Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi qonun bilan tartibga solinmoqda. Uch oydan so‘ng yangi qonun kuchga kirgach, eskisi o‘z kuchini yo‘qotadi.

Yangi qonunda iqtisodiy zonalarni faoliyat turiga ko‘ra ajratish nazarda tutilgan.

Erkin iqtisodiy zona — yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan tayyor sanoat mahsulotini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga faol jalb etish tashkil etiladigan hudud.

Maxsus ilmiy-texnologik zona — innovatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadlarida ilmiy tashkilotlar va ilmiy faoliyat sohasidagi boshqa tashkilotlar (texnologik parklar, texnologiyalarni tarqatish (texnologiyalar transferi) markazlari, innovatsion klasterlar, venchur fondlari, biznes-inkubatorlar va boshqalar) to‘plangan hudud.

Turistik-rekreatsion zona — unda zamonaviy turistik infratuzilma ob’ektlarini (mehmonxona komplekslari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turistik ahamiyatdagi ob’ektlarni), maxsus faoliyat ko‘rsatuvchi va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini turistlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida zarur shart-sharoitlarni ta’minlagan holda barpo etishga doir investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan hudud.

Erkin savdo zonalari konsignatsiya omborlarini, maxsus bojxona va soliq rejimlari bo‘lgan hududlarni, shuningdek tovarlarga ishlov berish, ularni o‘rab-joylash, saralash, saqlash uchun maydonchalarni o‘z ichiga oladi. Erkin savdo zonalari chegara punktlarida, aeroportlarda, temir yo‘l bog‘lanmalarida yoki O‘zbekiston Respublikasining boshqa bojxona hududlarida tashkil etiladi.

Maxsus sanoat zonasi — boshqaruv, xo‘jalik va moliyaviy faoliyatning alohida rejimi joriy etiladigan hudud. Maxsus sanoat zonalari zarur ma’muriy, ilmiy-texnologik, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish uchun yer uchastkalarini ajratish orqali shakllantiriladigan xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish zonalarini o‘z ichiga oladi.

Maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalariga doir umumiy talablar jumlasiga quyidagilar kiradi:

arxitektura va qurilish, texnik jihatdan tartibga solish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, mehnatni muhofaza qilish hamda sanoat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqlik;

moliyalashtirish manbalarining mavjudligi;

maxsus iqtisodiy zona faoliyatiga va tarmoq ixtisoslashuviga muvofiqlik;

texnologik uskunalar va texnologik jarayonlar ko‘rsatkichlarining zamonaviy energiya samaradorligi talablariga muvofiqligi.

Investitsiya buyurtmanomasi topshirilgan paytda erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalari O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yoki O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarish hajmlari ichki bozorning ehtiyojlarini qoplamaydigan yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni nazarda tutgan bo‘lishi kerak.

Erkin iqtisodiy zonalarda raqobat muhiti yaratilgan, ichki bozor to‘yingan yoki ishlab chiqarish hajmlari ichki bozor ehtiyojlarini qoplaydigan o‘xshash mahsulot ishlab chiqaradigan mahalliy ishlab chiqaruvchilar mavjud bo‘lgan mahsulot turlarini ishlab chiqarishga doir investitsiya loyihalari amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari soliq bo‘yicha imtiyozlardan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida nazarda tutilgan tartibda foydalanadi.

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari quyidagilarni to‘lashdan ozod etiladi:

respublikada ishlab chiqarilmaydigan va investitsiya bitimiga muvofiq investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun qurilish davrida belgilangan tartibda olib kirilgan qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlarini (bundan qo‘shimcha qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno);

tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha texnologik uskunalarning o‘xshashi O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydiganini olib kirishda bojxona to‘lovlarini (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno).

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqarish va mahsulotlarni eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda bojxona to‘lovlari (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno) to‘lanmaydi.

Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari tovarlarni import qilganda qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kungacha muddatga kechiktirib to‘lashi mumkin.

«Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi qonun uch oydan so‘ng kuchga kiradi.