Hindiston O‘zbekiston yadro infratuzilmalarini rivojlantirishga qiziqish bildirib, ushbu yo‘nalishda yordam ko‘rsatishga tayyor, deya ma’lum qildi «O‘zatom» agentligi matbuot xizmati.

«O‘zatom» delegatsiyasi Dehliga tashrifi chog‘ida atom energetikasi bo‘yicha departament kotibi — Hindiston atom energetikasi bo‘yicha komissiya raisi Shri Vyas bilan atom energetikasidan tinch maqsadlarda foydalanish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Hindiston hukumati huzuridagi Atom energiyasini rivojlantirish departamenti tizimiga kiruvchi tizimlar rahbariyati va vakillari bilan atom energetikasi bo‘yicha turli yo‘nalishlarda, jumladan, kadrlar tayyorlash, O‘zbekistonda AES qurilishi va loyihalashtirish ishlari bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatish hamda yadro tibbiyotini rivojlantirish sohalarida hamkorlik qilish borasida takliflar bildirildi. Hindiston tomoni O‘zbekistonda milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish borasida yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ham ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Hindistondagi barcha atom elektr stansiyalari operatori — Hindiston yadro energetikasi korporatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda atom energetikasi dasturlarini amaliyotga joriy etish masalalari muhokama etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Hindistonga tashrifi davom etmoqda va tashrif dasturi doirasida «Kudankulam» atom elektr stansiyasiga tashrif buyurish hamda sohaga aloqador idoralar va kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.