O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan 100 nafardan ortiq kishi dushanba kuni ertalab Toshkentdagi Mustaqillik maydoni yaqinida Human xususiy bandlik agentligi tomonidan yetkazilgan zararlar qoplanishini talab qilib yig‘ildi. Fuqarolar bilan uchrashuvga bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhkamov hamda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov chiqdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.Fuqarolar bilan suhbat Vazirlir Mahkamasi, Oliy Majlis Senati va Prezident administratsiyasi binolari joylashgan Mustaqillik maydoniga tutash Tasviriy san’at galereyasi yaqinida bo‘lib o‘tdi. Hudud huquqni muhofaza qilish organlari, jumladan, Toshkent IIBB va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qurshab olindi.

Yaqin tarix

2019 yilning 16 sentyabr kuni 52 kishi ichki ishlar organlariga jamoaviy ariza bilan murojaat qilib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan berilgan tegishli litsenziyaga ega Human bandlik agentligi bilan shartnomalar imzolanganini ma’lum qildi.

Shartnomalarga ko‘ra agentlik chet ellarda, xususan Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litvada ishga joylashtirish majburiyat oldi. Bunda ularning har biri agentlik xizmatlari uchun shartnoma bo‘yicha to‘lovlarni — 18 milliondan 35 million so‘mgacha mablag‘ni to‘lab berdi. Biroq ariza beruvchilardan hech biri ishga joylashmadi. Agentlik esa, o‘z navbatida, pullarni jabrlanganlarga qaytarib bermadi.

Ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, Human rahbari Shoxnur Fayzullayev 2020 yil yanvar oyida 10 yillik qamoq jazosiga va 1086 dan ortiq qurbonlarga 21 milliard so‘mdan (taxminan 2,2 million dollar) ziyodroq miqdorda tovon to‘lashga hukm qilindi.

Keyinroq esa yana to‘rtta agentlik, jumladan Korean and migrations xususiy bandlik agentligi bandlik agentligiga qarshi jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

O‘tgan yilning dekabrida sobiq senator Farruh Dadaxo‘jayev xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonunda fuqarolar mablag‘larini himoya qilish mexanizmlari mavjud emasligi sababli Mehnat vazirligini tanqid qildi. U akkreditivlar — har ikki tomon uchun kelishuvlar haqqoniyligini kafolatlaydigan bank vositalari bo‘yicha hisob-kitoblarni o‘tkazishni taklif qildi.

Fuqarolar va hokimiyat vakillarining ilk uchrashuvi

Aholi xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonunchilik va tizimda mavjud bo‘lgan kamchiliklar va muammolar sababli jabr ko‘rganini ma’lum qildi. Fuqarolar bunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini ayblab, zarar davlat tomonidan qoplanishini talab qildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov hech qaysi qonun mukammal emasligini ta’kidlab o‘tdi.

«Bu bizning to‘rtinchi uchrashuvimiz. Hech qaysi qonunda hamma narsani 100 foiz qamrab olishning imkoni yo‘q. Hech kim qonunni ertaga buzish yoki jinoyat qilish maqsadida yozmaydi. Bu odamga bog‘liq, to‘g‘ri tushuning. Birorta ham qonun mukammal emas… Barcha rivojlangan mamlakatlarda xususiy bandlik agentliklari institutlari mavjud, ular odamlarni ish bilan ta’minlashga yordam beradi. Shuning uchun tadbirkorlarga buni amalga oshirishga ruxsat berildi. Hech kim qonun buzilmasligi va jinoyat sodir etmasligi kerak edi. Bugungi kunda fuqarolarni chet elga yuborish huquqiga ega bo‘lgan 65 ta xususiy agentlik ro‘yxatga olingan, shundan 5 tasi qasddan qonunni buzgan — bu jinoyatdir», — dedi u.

Nozim Husanov (chapda).

Vazirdan nima uchun Mehnat vazirligi agentliklar faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirmaganini so‘rashdi.

«Bu tadbirkorlik sub’ekti. Litsenziyalash talablari mavjud. U uchta hujjatni taqdim etadi, agar qonuniy ravishda taqdim etilsa, u holda biz litsenziya berishimiz kerak… Ular hisobot taqdim etishlari kerak. Masalan, ular amalda 100 kishi bilan shartnoma tuzgan bo‘lsa ham, firibgarlik yo‘li bilan (haqiqiy statistikani yashirish — tahr.) 10 ta fuqaro bilan kelishuv tuzganliklari haqida xabar berishdi. Odamlar shikoyat qilishganda, shundan keyingina biz tekshirishni amalga oshiramiz. Bu sodir bo‘lganda, biz o‘sha joyga bordik va qonunbuzarliklarni aniqladik. Ungacha biz tadbirkorni tekshira olmaymiz va uning faoliyatiga to‘sqinlik qila olmaymiz, bu qonun hujjatlarida belgilangan», — dedi Nozim Husanov.

Jabrlanuvchilar sobiq senator Farrux Dadaxo‘jayevning Mehnat vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplashni taklif qilgan so‘zlarini esga olishdi. Biroq vazir ushbu jamg‘arma mablag‘lari respublikaning 1,3 millionga yaqin ishsiz fuqarolari bandligini ta’minlashga qaratilganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov yetkazilgan zarar qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkor hisobidan qoplanishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Human agentligi hisob raqamidan 1 milliard so‘mdan ortiq pul musodara qilingan. Qolgan qismi kompaniya muassislarining musodara qilingan mol-mulki sotilgandan so‘ng to‘lanadi.

Aziz Abduhakimov (o‘ngda).

Fuqarolar chet elda ishlash imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun foizga millionlab so‘m pul olgani, avtomobili va mol-mulkini sotganini ma’lum qildi. Ulardan ko‘pchiligi ishsiz va qarzdor bo‘lib qolgan. 1,5 yil ichidagi inflyatsiya natijasida ular agentlikka to‘lagan pullarning ham qadri pasayib bormoqda.

Yig‘ilganlar bosh vazir bilan uchrashishni talab qildi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbariyatni xabardor qilishi va 17:00 ga uchrashuv tashkillashtirishini ma’lum qildi.

Bosh vazir bilan uchrashuv Belgilangan vaqtda hukumat rahbari Abdulla Aripov Yoshlar ijod saroyiga tashrif buyurdi. U har bir savolga javob qaytardi.

Jumladan, bosh vazir Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xususiy bandlik agentligi masalalariga javobgar mas’ul shaxslari jazoga tortilishiga va’da berdi.

Bundan tashqari, hukumat rahbari dushanba kuni 1086 nafar jabrlanuvchi muammosi to‘g‘risida prezident Shavkat Mirziyoyevga axborot kiritilganini ma’lum qildi.

«Biz bugun prezidentga barcha xususiy bandlik agentliklarini yopish va yagona davlat agentligini tashkil etish taklifini kiritamiz. Biz bir narsani tushundik, ya’ni bunday erkinlikni, afsuski, xalqimiz hozircha tushunmaydi», — dedi u.

Abdulla Aripov O‘zbekistonda eng ko‘p firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishini ta’kidlab o‘tdi.

«Telefonlarda ham, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda ham, bozorda ham, ofisda ham, bandlik sohasida ham firibgarlik bor. Mana „Ahmadboy“ — bu ham firibgarlik, moliyaviy piramida. Biz bularning barchasini bilamiz, butun respublika bo‘yicha bunday huquqbuzarliklar juda ko‘p», — deya tan oldi bosh vazir.

Vazirlar Mahkamasi rahbari davlat tadbirkorlarga litsenziya berishini, lekin bu uning qonunbuzarlik uchun javobgarlikni zimmasiga olishini anglatmasligini ta’kidladi.

«Litsenziya, bu — shahodatnoma, ruxsatnoma. Avtomobil haydash uchun ham ruxsatnoma olishadi, bu ham o‘ziga yarasha litsenziya. Agarda biri boshqasining mashinasini urib olsa, shunda ham siz davlatdan uni [yomon] o‘qitgani uchun zararni qoplashni talab qilmaysizku… Men bu yerga muammoni hal qilish uchun keldim, lekin uni bunday qilmang. Takrorlayman, o‘zingiz u yerga (Human agentligiga — tahr.) kirdingiz. Yoki hokim, uning o‘rinbosari, yurist yoki ish beruvchi sizni majburladimi?» — deb so‘radi u.

Hukumat rahbari prezident o‘zbekistonliklar huquqlarining toptalishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Bosh prokuratura, Oliy sud va boshqa organlarga alohida topshiriq berdi.

«Human bilan bog‘liq har kim javob beradi. Pullaringizni qaytarib berish topshirildi… Noto‘g‘ri tergov o‘tkazgan yoki noto‘g‘ri hukm chiqarganlarga nisbatan chora ko‘rish to‘g‘risida qat’iy topshiriq bo‘ldi. Men prezidentning quyidagi so‘zlarini keltirib o‘taman: „Kimdir qayerdadir insofsizlik qilishi mumkin, lekin mening xalqim jabrlanmasligi kerak“. Bu prezidentning men yozib olgan so‘zlari», — dedi Abdulla Aripov.

Bosh vazir 10 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi «yumshoq» ekanini ma’lum qildi. Uning fikricha, muddat eng kamida ikki marta uzoqroq bo‘lishi kerak.

«Prezident [Jinoyat kodeksining] eng qat’iy moddalarini qo‘llashni talab qilganini aytdi. Chunki sud va Bosh prokuratura biz kabi prezident oldida hisob beradi», — dedi u.

Vazirlar Mahkamasi rahbari mablag‘lar jabrlanganlarga qanday qilib qaytarilishini aytdi. Ularga ipoteka bankida (1086 dona) plastik kartalar bilan ochiladi va mablag‘lar ikki kun ichida ularning hisobraqamlariga o‘tkaziladi. Abdulla Aripov yig‘ilishda ishtirok etgan bank raisining o‘rinbosari va bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovga ko‘rsatma berdi.

«Bugun qaror tayyorlang. Men bugun imzo chekaman. Ikki kun ichida ularga kartalar ochadilar. Ushbu qarorga binoan siz byudjetdan tashqari jamg‘arma [Mehnat vazirligi] hisobidan zararlarni qoplaysiz. Ammo biz barcha aybdorlarni [Human agentligidan] javobgarlikka tortamiz va pulni hisobga qaytaramiz. Bu davlat pulidir», dedi bosh vazir fuqarolarning qarsaklari va ko‘z yoshlari ostida.

Bunda Abdulla Aripov prezident ushbu davlat mablag‘laridan o‘rniga qaytarish sharti bilan foydalanishga ruxsat berganini (topshiriq emas) qayd etdi.

«Qonunchilik nuqtai nazaridan biz eng to‘g‘ri yo‘ldan ketayapmiz, deb ayta olmayman. Qonun bo‘yicha siz aybdordan undirib olingan puldan olishingiz mumkin. Biz qanday og‘ir vaziyatda ekaningizni bilamiz. Biz prezidentni xabardor qildik, u: „Qadrdonlarimdan hech birining jabrlanishiga yo‘l qo‘ymayman“, — dedi», — deya ta’kidladi u.

Uchrashuv so‘ngida yig‘ilganlar Shavkat Mirziyoyev haqqiga duo qilishdi.