Bugun xalq deputatlari Boyovut tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, tuman Kengashining sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi, deyiladi «Sirdaryo xabarlari» telegram kanalidagi xabarda.

Unda Mamadaminov O‘lmasjon Yarmaxammatovich boshqa ishga o‘tayotganligi munosabati bilan Boyovut tumani hokimi lavozimidan ozod etilishi va o‘rniga Uralova Dilfuza Djumanovna Boyovut tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarorini deputatlar bir ovozdan tasdiqladilar.

Dilfuza Uralova 2012 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan. Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi hisoblanadi.

Boyovut tumanining yangi hokimi 1985−1990 yillar mobaynida Guliston davlat universiteti talabasi, 1990−2001 yillar Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi, 2001−2010 yillar Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, direktori bo‘lgan.

2010−2015 yillar mobaynida Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.

2015−2017 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan.

2017 yildan shu kunga qadar Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan.

Oilali, 4 nafar farzandi bor.