O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan 19−20 fevral kunlari mazkur mamlakatda bo‘ladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tashrif dasturiga muvofiq, Anqarada oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari hamraisligida ikki tomonlama Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikning holati va istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha fikr almashiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashadi, Turkiya prezidenti kutubxonasi majmuasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadi.