17 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov soliq imtiyozlari va ularni tayinlash tartibiga izoh berdi.

Uning aytishicha, eng muhim urg‘u ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan (ta’lim, tibbiyot, madaniyat, maishiy xizmat) soliq imtiyozlariga qaratilgan va ular saqlanib qolindi.

«Bundan tashqari, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar amal qilishi belgilandi. Endilikda imtiyoz faqat prezident tomonidan taqdim etilishi mumkin», — dedi u.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan soliq imtiyozlar berishning yangi prinsipi hujjatning 75-moddasida bayon etilgan.

Jumladan, asosan ayrim soliqlar bo‘yicha soliq imtiyozlari (QQS, aksiz solig‘i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari) O‘zbekiston prezidentining qarorlari bilan faqat belgilangan soliq stavkasini kamaytirish, lekin ko‘pi bilan 50 foizga kamaytirish tarzida hamda ko‘pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkinligi belgilangan.

«Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan korxonalarni hukumat tomonidan qo‘llab quvvatlash maqsadida, soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkonini berish bo‘yicha me’yor kiritildi», — deya qayd etdi Umarov.

2020 yil 1 yanvarga qadar amalda bo‘lgan Soliq kodeksida soliq imtiyozlarni nazarda tutuvchi me’yorlar 380tani tashkil qilgan. Yangi tahrirdagi kodeks qabul qilinishi arafasida imtiyozlarning barchasi inventarizatsiyadan o‘tkazilib, o‘zini oqlamagan me’yorlar bekor qilingan. Yangi kodeksda doimiy amal ta’siriga ega 301ta soliq imtiyozi mavjud.