O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 17 fevral kuni Human xususiy bandlik agentligidan jabr ko‘rgan aholi bilan uchrashdi. Hukumat rahbari muloqot davomida xorijdagi mehnat muhojirligi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lish masalasiga ham to‘xtaldi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Mehnat migratsiyasi masalasi bo‘yicha, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lish masalasi ketmoqda. O‘rtaga tashlandi, hisob-kitob, qanday foyda va zarari bor», — dedi hukumat rahbari.

Abdulla Aripovning aytishicha, ayni paytda 2,2 million o‘zbekistonlik Rossiyada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

«Bizning ham yuragimiz achiydi, biz ham o‘ylaymiz. Kuni kecha prezidentimiz qaror qabul qildi: atrofdagi respublikalarda o‘qib yurgan yoshlar istasa, hujjatlarni olib qaytsin, imtihonsiz istagan institutiga olamiz… Biz ham ularning shu yerda ishlashini xohlaymiz. Hozir yangi ish joylarni tashkil qilyapmiz», — deya qayd etdi u.

Bor vazirning bildirishicha, xorijdagi mehnat muhojirligida yurgan o‘zbekistonliklar patent uchun to‘lov amalga oshirishga majbur qilmoqda.

«Rossiyada ishlayotgan 2,2 million fuqarolarimiz har oyda, eng kamida, 100 dollarga yaqin patent to‘laydi. Bir yilda 1000 dollarga yaqin pul ketadi. YeOIIga a’zo bo‘lsak… To‘g‘ri, kimgadir yoqar, kimgadir yoqmaydi, siyosatdonlar ko‘payib ketdi: „Mustaqillikni berib qo‘yapmiz“, deb. Kimga mustaqillikni berib qo‘yapmiz, kimga? Mustaqillikning berilishini nimadir ko‘ryapsizlar, degan savol beradigan odamning o‘zi yo‘q. Hukumat bu masalani yaqinda parlamentga olib chiqadi. Parlament ko‘rsin. Biz hammasining hisobini qildik», — dedi u.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, xorijda mehnat qiluvchi 2 milliondan ortiq o‘zbekistonlik uchun mehnat patenti bekor qilinsa, har yili qariyb 2 mlrd dollar iqtisod qilinadi.

«O‘zbek — uyim, joyim, bolam, deydigan xalq. Asosiy qismini qayerga yuboradi? O‘zbekistonga keladi. O‘zbekistonga foydami, foyda emasmi? O‘zbekiston xalqiga foydami, foyda emasmi? Nega unda ayyuhannos solib, ittifoqqa kiryapmiz, deb yozib yurishibdi. Buning tagida nima borligini bilishadimi?» — deya ritorik savol bilan yuzlandi bosh vazir.

Rossiyaning katta shaharlarida ishlovchi xorijiy mehnat migrantlari uchun patent narxi 3738 rubldan 5400 rublgacha (60−85 dollar) farqlanishi mumkin.

«Xalq so‘zi» nashrida e’lon qilingan maqolada Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratillo Rafiqov o‘zbekistonliklar Rossiyada mehnat patenti uchun taxminan 3 mlrd dollar sarflashi haqida ma’lumot bergan.

2019 yilning birinchi yarmida Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 2 mlrd dollardan oshgandi. Ushbu ko‘rsatkich 2018 yilda 5,1 mlrd dollarni tashkil etgan.