«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga 14 fevral kuni mobil qurilmalarni IMEI bo‘yicha ro‘yxatga olganlik uchun yig‘imlarni bekor qilish va jarayonni soddalashtirish to‘g‘risidagi petitsiya e’lon qilindi.

Petitsiya muallifi Anvarjon Dehqonovning qayd etishicha, globalizatsiya davrida aholini qo‘llab-quvvatlash hamda ortiqcha xarajat va sansolarliklarni bartaraf etish muhim.

Petitsiya e’lon qilingandan so‘ng uch kun ichida 9000 dan ortiq ovoz va 170 mingdan ziyod izoh to‘pladi. Parlamen murojaatni ko‘rib chiqishi uchun u eng kamida 10 ming ovoz to‘plashi lozim.

Petitsiya uchun ovoz berish 89 kundan keyin yakuniga yetadi.

Mobil qurilmalarni IMEI bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi O‘zbekistonda aprel oyida joriy etilgan bo‘lib, majburiy hisoblanadi. Dastlab, qurilmalar avtomatik rejimda bepul ro‘yxatdan o‘tkazildi. Dekabrdan boshlab xizmat pullik bo‘ldi, to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining (bugungi kunda 223 ming so‘m) 10 foizidan 25 foizigachani tashkil etadi.