Amaldagi soliq qonunchiligida tadbirkor faoliyatiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xronometraj tadbirini qo‘llash nazarda tutilmagan. Buning o‘rniga, faoliyatni sayyor tekshirish normasi joriy qilingan. Sayyor tekshiruv esa xronometraj tadbirini ham o‘z ichiga oladi, deya ma’lumot berdi davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov.

17 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida soliq organlari vakillari amaliyotda paydo bo‘layotgan yangiliklar haqida ma’lumot berishdi. Qo‘mita raisi o‘rinbosarining aytishicha, sayyor tekshiruvni o‘tkazish tartiblari hozircha ishlab chiqilmagan.

«1 aprelga qadar sayyor tekshiruvni o‘tkazish tartibi ishlab chiqiladi. Shu tufayli, bugungi kunda xronometraj tadbirini o‘tkazish amaliyoti mavjud emas», — dedi u.

Fazliddin Umarovning qo‘shimcha qilishicha, joriy yilning birinchi choragi davrida tadbirkor moliyaviy yoki soliqqa tortishga oid boshqa jazolarga tortilmaydi. U yo‘l qo‘ygan kamchilik va xatolar soliqchilar bilan bamaslahat yechilishi lozim.

«Soliq normalari amalga to‘la tatbiq etilib, tadbirkorlarda namunali soliq to‘lash ko‘nikmasi paydo bo‘lgunga qadar nazorat ham, jazo ham yo‘q. Bu tartib joriy yilning birinchi choragi uchun amal qiladi», — deya qayd etdi u.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, o‘tgan ikki yil davomida tadbirkorlik faoliyatini soliq organlari tomonidan taftish etish taqiqlangan edi. Biroq ularning faoliyati borasida tahlil va monitoring amalga oshirilgan. Ana shunday tadbirlardan biri — xronometraj tekshiruvidir.

Shu maqsadda, 2019 yil 3 aprel kuni «Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni xronometraj ko‘zdan kechirishdan o‘tkazish hamda kamaytirilgan tushum summasidan soliqlarni hisoblab chiqish tartibi to‘g‘risida"gi nizom qabul qilindi.

Nizomga ko‘ra, xronometraj ko‘zdan kechirish (xronometraj) soliq tekshiruvi hisoblanmas edi. Xronometraj — tushumlar hajmini, pul tushumini, ishlab chiqarish hajmi, tovarlarning realizatsiya hajmini aniqlovchi soliq nazorati shakli bo‘lib, davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslari va soliq to‘lovchilar uning ishtirokchilari hisoblanadi.