UzAuto Motors eksport bozorlariga avtomobillarni Chevrolet brendi ostida sotishni boshlaydi, deya xabar qildi ishlab chiqaruvchi. General Motors kompaniyasi bilan bu haqdagi kelishuvga erishildi.

Mart oyidan Rossiya, Qozog‘iston va Belarusga Spark, Nexia va Cobalt avtomobillari Chevrolet brendi ostida sotuvga chiqariladi. Ravon brendi ostida avtomobillarni sotish 2020 yil o‘rtalaridan to‘xtatiladi.

Kompaniyaning qayd etishicha, Chevrolet brendidan tashqi bozorlarda foydalanish huquqi UzAuto Motors kompaniyasiga avtomobillarning yuqori sifati jahon avtosanoati yetakchilaridan biri — General Motors kompaniyasi tomonidan belgilangan standartlarga to‘liq javob berganligi uchun berildi.

«Qabul qilingan qaror «UzAuto Motors»ga Chevrolet jahon brendining to‘liq quvvatidan O‘zbekiston Respublikasi ichki bozoridagi kabi eksport bozorlarida ham samarali sotuvni oshirish imkonini yaratadi», — deyiladi xabarda.

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, UzAuto Motors kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Chevrolet modellarining Rossiya, Qozog‘iston va Belarussiyada distribyutsiyasini o‘zi boshqaradi. Dilerlik tarmog‘i mavjud GM Rossiya dilerlari, Ravon dilerlarining bir qismi va Chevrolet vakolatli servis markazlari asosida, ularning geografik joylashuvi va Chevrolet brendi standartlariga muvofiqlik darajasini hisobga olgan holda yaratilgan.

Shu bilan birga, GM Rossiya vakolatli xizmat ko‘rsatish markazlari 2015 yilning oxiriga qadar Rossiyada GM/Chevrolet dilerlaridan avtomobil sotib olgan mijozlarga ham xizmat ko‘rsatishni davom ettiradi.

UzAuto Motors tomonidan ishlab chiqarilgan Chevrolet Spark, Nexia va Cobalt avtomobillarini xarid qilgan mijozlar uchun kafolatlar, shuningdek, barcha xizmat va UzAuto Motors kompaniyasi tomonidan o‘zining dilerlik tarmog‘i orqali taqdim etiladigan ehtiyot qismlarni sotib olish imkoniyati saqlanib qoladi.