Chet el avikompaniyalari uchun O‘zbekiston aeroportlari jozibadorligini oshirish maqsadida aviatsiya yoqilg‘isi narxlari va aeroport yig‘imlarini pasaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda transport vaziri Elyor G‘aniyev chorshanba kuni Uzbekistan Airports, Aviation & Logistics Forum Xalqaro aviaforumiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda shunday raqobat muhiti yaratiladiki, unga ko‘ra O‘zbekiston juda jozibador yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Vazir hozirdanoq aviayoqilg‘i narxi sezilarli darajada pasayib, bir tonnasi uchun 880 dollarni tashkil qilayotganini qayd etib o‘tdi.

Elyor G‘aniyev 2020 yil oxirigacha Qashqadaryo viloyatida Uzbekistan GTL zavodining ishga tushilishi aviayoqilg‘i bozori uchun muhim ekanini, bu yerda yiliga 1,7 mln tonna har xil turdagi yoqilg‘ilar, jumladan 300 ming tonna aviakerosin, shuningdek, dizel va benzin ishlab chiqarilishini ta’kidladi.

«Aminmanki, bunday ishlab chiqarish foydalanishga topshirilishi bilan bizda aviayoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi. Afsuski, bugun aviayoqilg‘i ham Uzbekistan Airways, ham Uzbekistan Airports`ni to‘la hajmda ta’minlash uchun yetarlicha ishlab chiqarilayotgani yo‘q. Shuning uchun biz muayyan miqdorda import qilishga majburmiz. Shu o‘rinda narxlar eng kamida 120−140 dollarga pasayganini aytishni xohlardim. Va bu O‘zbekiston aeroportlari uchun yaxshi raqobat muhitini yaratmoqda», — dedi u.

Transport vaziri mintaqa bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlardan oshib ketmasligi uchun aviayoqilg‘i narxlarining nazorat qilinishini qayd etdi. Bu raqobat uchun zarur sharoitlarni yaratishga imkon beradi, deb hisoblaydi u.

Bundan tashqari, aeroport yig‘imlarini pasaytirish rejalashtirilmoqda: «Bir qator pozitsiyalar mavjud, ular soni 40 ga yaqin, biroq umuman olganda, aeroport xizmatlari 20 foizga arzonroq bo‘ladi. Bu aeroportlarimizning ham yo‘lovchi tashuvchilar, ham yuk tashuvchilar uchun jozibadorligini oshirish uchun kuchli turtki beradi», — dedi Elyor G‘aniyev.

Transport vaziri «Navoiy» xalqaro intermodal logistika markazi aviayoqilg‘i narxi balandligi sababli rivojlana olmaganini tan oldi.

«Aviatsiya yuk tashishni tashkil etishda ham muhim ahamiyat kasb etishi kerak. Bu borada ham bir qator hablarni tashkil etish rejalashtirilgan, jumladan, anchadan buyon „Navoiy“ aeroporti ustida ish olib bormoqdamiz. Afsuski, ushbu loyiha ham yoqilg‘i narxi balandligi sababli rivojlana olmadi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, logistika markazi «Navoiy» ayeroporti bazasida 2008 yilda «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi yaqinida ochilgan edi. Markazga soliq va bojxona imtiyozlari berildi. Zarur infratuzilma barpo etilib, markaz boshqaruvi Korean Air kompaniyasiga topshirildi.

2017 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev «Navoiy» logistika markaziga xorijiy yuk tashuvchilarning qiziqishi yo‘qligining asosiy sababi kerosin yetkazib berishdagi uzilishlar bo‘lganini ta’kidlagan edi. Mavjud vaziyatning yana bir sababi sifatida esa davlat rahbari «sohaga bevosita mas’ul bo‘lgan ba’zi mansabdor shaxslarning beparvoligi, mas’uliyatsizligi, markazni puxta o‘ylangan strategiya asosida rivojlantirishga qodir emasligi» deb atadi.