16 fevral kuni Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida Chelyabinsk-Troitsk avtoyo‘lida ikki avtomobil to‘qnashuvi natijasida ikki kishi, jumladan bir o‘zbekistonlik hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

«Chelyabinsk Segodnya» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, avariya taxminan 5:30 da sodir bo‘lgan. VAZ haydovchisi qor bo‘roni vaqtida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, KIA Rio bilan to‘qnashgan.

YTH natijasida VAZ yo‘lovchisi (2001 y. t.) va KIA Rio yo‘lovchisi (1983 y. t.) hodisa joyida halok bo‘lgan. Olti kishi shifoxonaga yotqizilgan. Voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda.

O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasi vaziyatni nazorat ostiga oldi. Jasadni vatanga jo‘natish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar hal etilmoqda.

Rossiyaning Ural federal okrugi (Kurgan viloyati, Sverdlovsk viloyati, Tyumen viloyati, Chelyabinsk viloyati, Xanti-Mansi avtonom okrugi — Yugra, Yamalo-Nenets avtonom okrugi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarurat tug‘ilgan holatlarda O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7 343 276 31 66, +7 343 272 31 33.