2021 yil hosilidan boshlab davlatga g‘alla sotish rejasi to‘liq bekor qilinib, mahsulotni bozor narxlarida sotib olish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida agrosektor masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Joriy yilda yetishtiriladigan g‘alla hosilidan davlat ehtiyojlari uchun sotiladigan hajmi kamaytiriladi. Natijada mamlakat bo‘yicha bu yil qo‘shimcha 1 million tonnadan ortiq g‘alla fermerlar ixtiyorida qoladi.

Qayd etilganidek, g‘allani davlat ehtiyoji uchun majburiy sotib olish tizimidan davlat zaxiralari tizimiga o‘tilmoqda va fermerlarga g‘allani erkin sotish huquqi berilmoqda. Bu masala oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lganligi bois davlatga majburiy g‘alla sotish tizimi ikki bosqichda bekor qilinishi rejalashtirilgan.

Avvalroq, 2021 yil hosilidan boshlab don uchun davlat buyurtmasi hajmi bosqichma-bosqich qisqartirilishi va 1 oktyabrdan boshlab intervension xaridlar tizimi joriy etilishi haqida xabar qilingan edi. Ushbu tizimga ko‘ra, narxlar pasayib ketgan taqdirda yanada arzonlashmasligi uchun davlat ortiqcha g‘allani sotib oladi, narxlar keskin ko‘tarilganda esa davlat zaxiralaridagi g‘alladan sotiladi. Shunday qilib uning qimmatlashuvi oldi olinadi.

Videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavotchilik va uzumchilik klasterlari faoliyatini samarali tashkil qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Avvalo, tizimdagi shartnomaviy munosabatlarni to‘g‘ri shakllantirish, mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksportchining manfaati, majburiyati hamda javobgarligini aniq belgilash muhimligi ta’kidlandi.

Klasterlar takliflari asosida eksportbop ekinlarni joylashtirib, zarur urug‘lik, ko‘chat, mineral o‘g‘it, yoqilg‘i masalasini hal qilish va ularning ta’minotini tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Joylarda klasterlar faoliyatini samarali tashkil etishga viloyatlar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari shaxsan mas’ul etib belgilandi.

Markaziy bank va tijorat banklari rahbarlarining o‘rinbosarlaridan biri meva-sabzavotchilik klasterlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash va ular tomonidan ishlab chiqilgan loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirishga mas’ul qilindi.

«Klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad — eksport hajmini oshirish. Buning uchun esa yangi bozorlarni topish kerak. Bozor bo‘lmasa, eksport ham bo‘lmaydi, klaster tizimi ham yurmaydi. Shuning uchun chet ellardagi talabni muntazam o‘rganib, imkoniyatlardan samarali foydalanish, eksportda izchillikni ta’minlash kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasiga tashkil etilayotgan har bir klaster bilan individual ishlab, eksport shartnomalarini chuqur tahlil qilish, aylanma mablag‘lar ajratilishini hisobga olib, qo‘shimcha kontraktlar tuzishga ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.

Paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, davlat ehtiyojlari uchun paxta va g‘alla yetishtirish tizimidan qadamma-qadam voz kechish masalalari ham yig‘ilishda batafsil muhokama qilindi.

«Bu yil qishloq xo‘jaligida katta islohotlarni boshlayapmiz. Hokimlar bu masalani chuqur tushunib, ichiga kirishlari shart. Endi orqaga yo‘l yo‘q. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini erkinlashtirmasak, manfaatdorlikni oshirmasak, iqtisodiy o‘sish va samaradorlikka erishib bo‘lmaydi», — dedi prezident.

Yig‘ilishda klasterlar faoliyatining samaradorligini oshirish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasi ham atroflicha tahlil qilindi.

Adliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga klasterlarning huquq va majburiyatlarini belgilab, ularning faoliyatini tartibga solish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Paxta yetishtirishning amaldagi tizimi fermerlar va klasterlar o‘rtasida moliyaviy jihatdan ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Bu bir tarafdan paxtani qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga mablag‘ yetishmasligini keltirib chiqarsa, ikkinchidan, paxta yetishtirgan fermer xo‘jaliklari bilan hisob-kitob qilish imkoniyatini cheklab qo‘ymoqda.

Shu bois klasterlar moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, ularda mahsulot ishlab chiqarish va qayta ishlashni alohida faoliyat turi sifatida kreditlash tizimini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan joylarda paxta tozalash zavodlari negizida fermerlar kooperatsiyalari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Videoselektor orqali joylardagi klasterlar rahbarlari bilan muloqotda limonchilikni rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari limon yetishtirish serdaromad soha ekanini ta’kidlab, hududlarda limonzorlar tashkil qilish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi. Ushbu maqsadlar uchun «Turonbank» ATB tomonidan 100 million dollar miqdorida kredit mablag‘lari ajratilishi belgilandi.

Yer ajratish borasidagi muammolar ko‘rib chiqildi. Sug‘oriladigan maydonlar talon-torojiga chek qo‘yish, har bir qarich yerdan xalq manfaati yo‘lida samarali foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shundan kelib chiqqan holda, joylardagi mutasaddilarning mas’uliyati va javobgarligini oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.