Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari ikki kun — 12 va 13 fevral kunlari fuqarolarni tekshirish paytida ulardan 224 ta pichoqni olib qo‘ydi, deb xabar berdi boshqarma matbuot xizmati.

IIBBning aniqlik kiritishicha, fuqarolar pichoqlarini cho‘ntagida yoki mashinasida olib yurgan. Ba’zilarining yonidan esa ikkita-uchta pichoq chiqqan.

«Olib qo‘yilgan pichoqlar yaxshi charxlangan, ko‘plarining tig‘lari 20 smdan oshardi va kertiklari hamda qon oqish joylari ham bor edi», — deyiladi xabarda.

Pichoqlardan tashqari professional yoki xonaki tayyorlangan beysbol bitalari, metall sim va tayoqlar, pnevmatik to‘pponcha ham olib qo‘yilgan.