2019 yilning yozida «Qizil kitob»ga kiritilgan jayronni ovlagani uchun qo‘lga olingan 5 nafar fuqaroga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xabar qildi.

Mazkur fuqarolar 2019 yilning 24 avgustdan 25 avgustga o‘tar kechasi Qorako‘l ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida uch dona ov quroli hamda kuchli yoritish quvvatiga ega projektorlardan foydalangan holda 2 bosh jayronni otib o‘ldirgan edi. Brakonerlar Buxoro viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari hamda mazkur hudud harbiy qism safdorlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan va ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 202-moddasi (hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

7 fevral kuni ushbu sud ishining yakuniy yig‘ilishi Qorako‘l tumanining jinoyat sudida bo‘lib o‘tdi.

Sud hukmiga binoan qonunbuzarlikni sodir etgan 5 nafar fuqaroning 4 nafariga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismining tegishli bandlariga muvofiq, 3 yil muddatga, 1 nafariga esa 4 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi belgilanib, ularga jami 66,9 mln so‘m miqdorda tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi va undirib olindi.