O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) va Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov juma kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Hukumat yangi xalqaro tashkilotlarga qo‘shilish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin barcha ijobiy va salbiy tomonlarini o‘rganib chiqadi.

«O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 120 ta xalqaro tashkilot va moliyaviy institut a’zosi bo‘ldi. A’zolikka kirishdan oldin, albatta, ijobiy va salbiy tomonlar o‘rganilgan. O‘rganishlardan so‘ng O‘zbekiston manfaatlaridan kelib chiqqan holda, mamlakat a’zo bo‘lgan. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jahon savdo tashkilotiga kirishni qandaydir tarzda taqqoslashning hojati yo‘q, chunki bugungi kunda ikkala tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda, o‘rganishlar olib borilmoqda», — deya ta’kidladi u.

Ilhom Ne’matovning qayd etishicha, JSTga a’zo bo‘lish masalasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi maxsus ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

«Biz JSTga, birinchi navbatda, har tomonlama himoya to‘g‘risida kelishib olganimizdan keyin a’zo bo‘lamiz. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan ham xuddi shunday», — dedi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari.

Diplomat prezident Shavkat Mirziyoyevning «YeOIIga a’zo bo‘lish xalq manfaatlariga javob berishi kerak» degan so‘zlariga ishora qildi.

«O‘rganishlardan keyin natijani qaror qabul qiladigan yangi parlament ko‘rib chiqadi. Prezident shunday dedi», — dedi u.

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev integratsion birlashmalarga qo‘shilish O‘zbekistonning mustaqilligini yo‘qotishini anglatmasligini ta’kidlagan edi. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi munozaralarga javoban davlat rahbari O‘zbekiston kuzatuvchilar pozitsiyasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

O‘tgan yilning noyabr oyida tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston «JSTga kirish bo‘yicha barcha muzokaralar jarayonini imkon qadar tezroq yakunlash istagi bor» deb ta’kidlagan edi.