Surxondaryo viloyatida qaytadan tashkil etilgan Bandixon tumaniga prokuror, soliq va IIB rahbari tayinlandi, deb ma’lumot bermoqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrug‘iga asosan, Xudoyorov Anvar Eshmurodovich Bandixon tumani prokurori etib tayinlandi.

U faoliyati davomida Surxondaryo viloyati prokuraturasi bo‘lim prokurori, katta tergovchisi, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, prokuror yordamchisi, Boysun tumani prokurori, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari, Majburiy ijro byurosining bo‘lim katta inspektori lavozimlarida ishlagan. 1985 yilning 1 yanvarida Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan Anvar Xudoyorov Termiz davlat universiteti, Samarqand davlat universitetida tahsil olgan.

Akmal Berdinazarov. Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Shuningdek, Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan, Berdinazarov Akmal Baratovich Bandixon tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi. Berdinazarov faoliyati davomida Angor tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori, bo‘linma tezkor vakili, bo‘linma boshlig‘i, bo‘lim boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining buyrug‘iga asosan, soliq xizmatining II darajali maslahatchisi Eshboyev Abdualim Muhammadiyevich Bandixon tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlandi. U Bandixon tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlangunga qadar viloyat davlat soliq boshqarmasida Ichki audit bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Abdualim Eshboyev. Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Avvalroq, tumanga Qiziriq tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Choriyev O‘tkir Abduzoirovich hokim etib tayinlangani xabar qilingandi.