Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 14 fevraldan uchuvchilar va bortkuzatuvchilarning yangi formasini joriy etadi, deya xabar qildi aviatashuvchi matbuot xizmati.

Samolyot ekipaji qiyofasida keskin o‘zgarishlar 15 yil ichida birinchi marta sodir bo‘ldi.

Kiyimlardagi asosiy rang quyuq akvamarin va terrakota ranglaridir. Qizlar uchun yubka, shim,bluzkalardan iborat bo‘lgan, ikki xil rangli yangi to‘plam taqdim etilgan. Pidjakning astarlari terrakota rangida bo‘lib, logotip tasviri tushirilgan.

Aksessuarlar sifatida bosh kiyim, matoli va charm qo‘lqoplar, soch turmagi yaratish uchun matoli elastik tasmasi va ikki xil rangdagi bo‘yin sharflari kiritilgan. Bluzkalar va bo‘yinbog‘lardagi bezaklar sharqona uslubda yaratilgan. Qishki yomg‘irpo‘sh- paltosi yechib olinadigan izolyatsiyalangan astarga ega.

Erkak bort kuzatuvchi xodimlari uchun to‘plam quyuq kulrang rangdagi uch qismli kostyum ko‘rinishida, quyuq akvamarin bezaklari bilan taqdim etiladi. Bosh kiyim to‘q kul rangda kumush bezak bilan bezatilgan.

Uchuvchilar uchun kostyumlar oldingi rangida qoldirilgan. Brendli tugmalar va eksklyuziv galstuklar yaratildi.

Mato turli iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda tanlangan.

Loyihada mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etishdi. Matolarni tanlash va asosiy to‘plamning birinchi partiyasini tikish Turkiyaning Dress Best Uniforms kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi, mazkur kompaniya Turkish Airlines, Fly Dubai, Albania Airlines va Flynas aviakompaniyalari bilan ish olib borgan.