Qurilishga ruxsat berishning Qurilish vazirligiga oid qismida jarayonlar 25 kunga qadar qisqartirilishi mumkin. Ilgari ushbu muddat 84 kunni tashkil etar edi. Bu haqda 12 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan matbuot anjumanida qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Vazir o‘rinbosari qurilishga ruxsat berish masalasida O‘zbekiston MDH davlatlar ichida yetakchiga aylanishini ta’kidlar ekan, hozirgi vaqtda vazirlik o‘z vakolatidagi ishlarni bajarish muddatini 59 kunga qisqartira olganini aytib o‘tdi.

«Masalan, qurilishga yer ajratish masalasi 10 yo 12 kun ichida ko‘rib chiqilishi belgilangandi. Shu vaqt ichida xat aylanishi, konsepsiyalar — hamma narsa hisobga olingandi. Hozir esa bular o‘zgarib, elektron tizimga o‘tdik. Shularni inobatga olib, eng qisqa muddatni ishlab chiqdik», — dedi u.

Hidoyatovning aytishicha, Qurilish nazorati inspeksiyasidan qurilish ishini boshlash uchun ruxsat olishga ilgari 15 kun ajratilgan. Bugungi kunda ushbu ruxsatnomani olish talabi bekor qilinib, quruvchining qurilish haqida inspeksiyani xabardor qilishi kifoya.

«Bu bilan Doing Businessdagi o‘rnimiz yaxshilanishi kerak. Lekin reytingning ikkita talabi bor: ruxsatnomalarni maksimal tezlikda berish va davlat mas’uliyatini oshirish. Bu masalada davlat rahbari alohida hujjat imzoladi. O‘ylaymanki, ishlarimiz ijobiy baholanadi», — deya qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekiston ayni paytda Jahon banki tomonidan tuziladigan Doing Business reytingida 69 o‘rinda qayd etilgan. Mamlakatning reytingdagi eng yomon ko‘rsatkichi chegaralararo savdo (152- o‘rin) hamda qurilishga ruxsat olish punktlarida (132- o‘rin) belgilangan.