2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkentdagi uchta oliy ta’lim muassasasida masofaviy ta’limni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu prezident farmoni loyihasida ko‘zda tutilgan.

Ta’limning yangi shakli Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetida tajriba tariqasida joriy etish taklif qilinmoqda.

Mutasaddi vazirliklarga 1 aprelga qadar masofaviy ta’limni olib borish tartibini belgilash, uskuna-dasturiy majmuani yaratish va ushbu universitetlarni zarur jihozlar bilan ta’minlash topshirildi.

Vazirlar Mahkamasi tajriba natijalarini inobatga olgan holda 2021 yil 1 yanvargacha universitetlar va yo‘nalishlar nuqtai nazaridan oliy ta’lim tizimida masofaviy o‘qishni joriy etish bo‘yicha takliflar va jadvallarni kiritishi kerak.

O‘zbekiston OTMlari va oliy ta’limdan keyingi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalar 2018 yil sentabr oyida masofaviy o‘qitishni tashkil etish huquqiga ega bo‘lgan edi.