Oxirgi uch yilda faqat qurilish sohasida 302ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan hamda 119 nafar ishchi xodimlar vafot etgan. Bundan tashqari, 117 nafar ishchi og‘ir tan jarohat olgani qayd etilgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat mehnat inspektori Nozima Sulaymonova ma’lumot berdi.

12 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan anjumanda gapirgan davlat inspektori mehnat faoliyatida vafot etgan marhum ishchilarning oilalarini ijtimoiy himoya qilish mexanizmlariga to‘xtalib o‘tdi.

«Bu og‘ir tan jarohati deganda, demak, mehnat qilish qobiliyatining qaysidir qismini yo‘qotib bo‘lgan va o‘zining mehnat faoliyatini amalga oshirishga qiynaladigan holatlar. Bularga to‘lov qanday amalga oshiriladi? Turgan gap, agar har bir tashkilot ish beruvchining fuqarolik javobgarligining majburiy sug‘urtasini qilgan bo‘lsa, bu sug‘urta kompaniyalari orqali amalga oshiriladi. Lekin qilinmagan bo‘lsa, pudrat tashkilotlari ko‘p holatlarda haqiqatda bu sug‘urtani amalga oshirmagan — ish beruvchining shaxsiy mablag‘laridan, ya’ni korxonaning mablag‘laridan amalga oshiriladi», — dedi u.

Sulaymonovaning aytishicha, mehnat davomida yuz bergan baxtsiz voqea yuzasidan, avvalo, komissiya tuziladi. Shundan so‘ng, 15 kun ichida hodisa tekshiriladi, hujjatlar rasmiylashtiriladi va har bir jarohat olgan yoki jabr ko‘rgan oilaga komissiya a’zolari tashrif buyurib, o‘zining qonunchilikda bor imkoniyatlarini tushuntirishi shart.

«Shundan so‘ng, barcha to‘lovlar uzog‘i bilan bir oy ichida amalga oshirilishi kerak. Ishchi vafot etgan bo‘lsa, demak bir vaqtning o‘zida to‘lanadigan olti yillik o‘rtacha mehnat haqi berilishi kerak va marhumning qaramog‘ida farzandlari bo‘lganda, har bir farzandiga to u 18 yoshga to‘lgunga qadar vafot etgan xodimning o‘rtacha bir oylik mehnat haqi qaramog‘idagi farzandlari soniga bo‘linadi va oyma-oy to‘lab boriladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Ta’kidlanishicha, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, bundan tashqari, Pensiya jamg‘armasi korxona likvidatsiya bo‘lsa, ya’ni tugatilsa, bu to‘lovlar hammasini o‘z vaqtida bajarilishini o‘z zimmasiga oladi.