Ma’muriy ishlar bo‘yicha Chilonzor tuman sudining qaroriga ko‘ra 23 yoshli Farhod Mannonov Toshkentda yo‘lning harakat qismida raqs tushgani uchun jarimaga tortildi, deya xabar qildi «Toshkent» telekanali.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvda yosh yigitning ustki kiyimini yechib, yo‘lning harakat qismiga chiqqani va Klod Van Dammning «Kikboksyor» filmi (1989) qahramoni raqsini ijro etgani aks etgan. Svetoforning qizil chirog‘i yonib turgan bir necha soniyalar ichida u avtomobillar va piyodalar qarshisida raqs tushdi. Bu vaqt davomida bir necha rakursdan turib tasvirga olindi.

Farhod Mannonov buning chellenj-batll — internet roliklari janridan biri ekani, unda bloger bir vazifani bajarib, uni videotasvirga olishi hamda tarmoqqa joylashtirib, so‘ngra mazkur vazifani o‘z tanishlari yoki foydalanuvchilarga takrorlashni taklif qilishini qayd etib o‘tdi.

«O‘rtoqlarimiz bilan bo‘sh vaqtimizdan unumli foydalanish maqsadida bu videoni olgan edik. Bizning niyatimiz ichib-chekishmas. Yoki boshqa narsalardan maza qilmaymiz biz. Mana shunaqa qilib odamlarning kayfiyatini ko‘tarib… Oldindan KVNga chiqib yurgan bolaman. O‘qiyman, ishlayman. Chellenj-batll ketayotgan edi. Shuning uchun suratga tushirdik. Tavsiya qilmagan bo‘lardim orqamizdan yosh bolalar qaytarishini», — dedi u.

Chilonzor tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan Farhod Mannonovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-modda 1- qismi (Mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik) bo‘yicha huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzildi.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Chilonzor tuman sudi Farhodni mayda bezorilikda aybdor deb topdi va uni bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida (223 ming so‘m) jarimaga tortdi.