Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida 12 fevral kuni Matiz va MAN yuk mashinasi to‘qnashuvi natijasida to‘rt kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa soat 11.30 larda Abay OFY hududidan o‘tuvchi «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» A-380 yo‘lining 645-km.da sodir bo‘ldi. A.B. (1984 y.t.) o‘zining boshqaruvidagi Matiz avtomashinasi yo‘l sirpanchiq bo‘lganligi sababli qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, qarshisidan harakatlanib kelayotgan Sh. T. (1987 y.t.) boshqaruvidagi MAN yuk avtomashinasi bilan to‘qnashgan va natijada yuk avtomashinasi yo‘l chetiga ag‘darilib ketgan.


Hodisa oqibatida Matiz avtomashinasi haydovchisi A.B., yo‘lovchilari S.Mamutova (1990 y.t.), M.Q. (2019 y.t.) hamda T.R. (1965 y.t.) voqea joyida vafot etgan.

Shuningdek, Matiz avtomashinasining qolgan yo‘lovchilari, S.S. (1989 y.t.), D.Q. (2000 y.t.) hamda «MAN» yuk avtomashinasi haydovchisi Sh. T. jarohat olib, kasalxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Beruniy tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish odamlar o‘limiga olib kelsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.