O‘zbekistonda fuqarolik aviatashuvlari sohasida kamida beshta rezident aviakompaniya tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu 2020 yilgi «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» Davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda yangi reyslar ochish hamda mavjud reyslar chastotasini oshirish hisobiga aviareyslar sonini 2800 taga oshirish vazifasi qo‘yilgan. Bundan tashqari, «ochiq osmon» rejimi joriy etilgan har bir aeroportda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi jadvali bo‘yicha «Yoz-2021» mavsumi boshlangunga qadar 10 tadan xalqaro reys tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Yaqinda bo‘lib o‘tadigan «Uzbekistan Airports, Aviation & Logistics Forum» Xalqaro forumiga bag‘ishlab chorshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida transport vaziri Elyor G‘aniyev o‘zbek bozoriga yangi aviatashuvchilarni jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

«Biz chet ellik yuk tashuvchilarni O‘zbekiston rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tishi sharti bilan o‘z bozorimizga jalb qilishni rejalashtirmoqdamiz. Hozirda to‘rtta kompaniya bilan muzokaralar olib borilmoqda. Bo‘lajak forumning maqsadlaridan biri, bu — potensial tashuvchilar bilan muzokaralar o‘tkazishdir», — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari — Turizm bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduxakimov yangi aviakompaniyalarni jalb qilishni ustuvor yo‘nalish deb atadi. Shu bilan birga, mamlakat rasmiylari O‘zbekistonda ish o‘rinlarini yaratishga qiziqish bildirmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, yangi aviakompaniyalar tarkibiga Humo Air, shuningdek, Uzbekistan Helicopters («O‘zbekiston havo yo‘llari» qayta tashkil etilishi natijasida paydo bo‘lgan) ham kiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Lyuksemburgning Luxaviation kompaniyasi O‘zbekistonda vertolyot aviakompaniyasini yaratish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

«O‘zlarining 10−15 ta samolyoti bilan bu yerga kelishga tayyor bo‘lgan yana bir qancha yirik tuzilmalar mavjud. Asosiysi, ularning O‘zbekiston rezidentlari bo‘lishi. Shunda, tabiiyki, ertaga ular soliqlarni shu yerda qoldiradilar, ish joylari O‘zbekistonda bo‘ladi… Bizga O‘zbekistonga ko‘proq samolyotlarning qo‘nishi va sayyohlarni tushirishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari.