12 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tuman sudida «Ahmadboy» ishi bo‘yicha to‘rtinchi ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur jinoyat ishida asosiy figurant — Ahmadjon Tursunboyev jurnalistlarga bayonot berib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirdi va faoliyatidagi xatolarga to‘xtalib o‘tdi.

«Bu ishda eng katta xatom — fuqarolar haddan tashqari ko‘payib ketdi, vaqtida to‘xtatishim kerak edi. 2009−10 yillarda faoliyatimni to‘xtatish kerak edim», — deya qayd etdi u.

Tursunboyevning aytishicha, unga pul olib kelgan har qanday shaxsni oddiy fuqaro sifatida qabul qilgan. Ularning savollariga batafsil javob bergan.

«Men, avvalo, Allohga ishonganman. Birovga ishonib, boshimda kimdir bo‘lmagan. Chunki fuqaro kelib so‘rardi: „Ahmadboy aka, bu ishga kim kafil“, Xudodan boshqasi kafil bo‘lmagan», — deya qo‘shimcha qildi u.

Sudlanuvchining ta’kidlashicha, garchi jinoyat ishi ochilishiga fuqarolar tomonidan ariza tushmagan bo‘lsa-da, buning muayyan sabablari bo‘lgan. U jinoyat ishi ochilishi hamda faoliyatiga chek qo‘yilishiga odamlar orasida gap ko‘payganini sabab qildi.

«Mening ustimdan ariza tushmagandi. Ish faoliyatimga chek qo‘yishdi, bo‘ldi. Juda ko‘p odam meni nomimdan ish qilgan, filiallar ochishgan — ularning menga aloqasi yo‘q. To‘g‘risini aytganda, naqd pul aylanmasi — davlat tizimi. Naqd pul ko‘tarib kelgan fuqarolar ko‘payib ketdi, balki shunga faoliyatim yopilgandir», — deya taxminlarini bildirdi u.

Sudlanuvchilar orasida bo‘lgan Murodjon Tursunboyev muzokara so‘z navbatini olganda o‘sha yerda ishlaganidan pushaymonligini bildirdi. U, shuningdek, ayrim holatlardan norozi ekanini yashirmadi.

«Prokuror janoblari zararni solidar tartibda qoplashni aytdi. Hurmatli prokuror, kamida, 100 milliard so‘m pulni hamkasblaringiz yo‘q qilib yuborgan. Buni xalqqa kim to‘laydi? Yana bu amakim bo‘yniga ilinib ketyapti. Men-ku, mayli, 5 yilda chiqib kelarman. Chunki aybsizligim hamma biladi. Lekin kim to‘laydi? Shularni ham e’tiborga oling, o‘sha pullarni o‘g‘irlaganlar ham to‘lab yuborsin», — deya muzokara so‘zini bildirdi u.

Murodjon so‘z boshlaganda sud qamog‘ida bo‘lgan Ahmadjon Tursunboyev va boshqalar uni imo-ishoralar bilan to‘xtatishga harakat qilishdi. So‘nggida, Ahmadjon sud zalida o‘tirganlarga eshitarli qilib, «jim» deya qat’iy ta’kidladi. Shundan so‘ng, Murodjon so‘zdan qoldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudi binosida sudya Shermuhamedov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» va «v» bandlari (juda ko‘p miqdorda firibgarlik; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik — eski tahrirdagi) bo‘yicha ayblangan Ahmadjon Tursunboyev va yana 15 kishiga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Ahmadjon Tursunboyev sud hukmiga ko‘ra aybli deb topildi va unga 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

JKning 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalari tartibida, tayinlangan jazoga qisman jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2019 yil 28 oktyabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazosini qo‘shib, uzil-kesil o‘tash uchun bir yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda, Ahmadjan Tursunboyevga 14 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tursunboyevga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan muddati, Oliy Majlis Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida"gi qarorining 6-bandi «b» kichik bandiga asosan to‘rtdan bir qismiga qisqartirildi.

Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi va jazoni o‘tash muddati 2016 yil 16 iyundan boshlab hisoblanishi belgilandi. Oldinroq Tursunboyevga qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirildi.