7 fevral kuni Yujnouralsk-Magnitogorsk trassasining Chelyabinsk viloyati (Rossiya) hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 3 kishi, jumladan O‘zbekiston fuqarosi M.R. vafot etdi, o‘zbekistonlik M.N. va A.R. jarohat bilan kasalxonaga yotqizilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining xabar qilishicha, mamlakatning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonast vaziyatni nazoratga oldi, jarohatlanganlar va ularning yaqinlari bilan aloqa o‘rnatdi. Shuningdek, O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumaning jasadini turmush o‘rtog‘i hamrohligida vatanga jo‘natish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaning Ural federal okrugi (Kurgan viloyati, Sverdlovsk viloyati, Tyumen viloyati, Chelyabinsk viloyati, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi — Yugra, Yamal-Nenetsk avtonom okrugi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda mamlakatning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tdi: +7 343 276 31 66, +7 343 272 31 33.