Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Umra ishlarini tashkil etishda Saudiya Arabistonining Al Hidoya Hajj, Umrah & Tourism kompaniyasi bilan hamkorlik qilib keladi. Ushbu hamkorlik 2008 yili boshlangan, o‘tgan vaqt ichida Umra ishini tashkil etishda boshqa xorijiy shirkat yoxud mahalliy turfirmalar muntazam ishtirok etmagan.

11 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida qo‘mita va idora vakillari Umra ishini tashkil etishga oid ayrim masalalarga oydinlik kiritishdi, xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Idoraning xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Muhammad Akmalxon Shokirovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tomoni qariyb 12 yil davomida Umra ishini tashkil etishda faqat Al Hidoya Hajj, Umrah & Tourism kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi.

«Umra ziyoratini tashkil etishda shirkat eng minimal tarif bo‘yicha har bir shaxsga 450 AQSH dollari miqdorida narxnoma taklif etgan. Bunga qo‘shimcha 106,5 dollar viza uchun to‘lanadi, 50,4 dollar tibbiy sug‘urta polisi uchun so‘raladi. Bularning hammasi qo‘shilib (aviachipta narxi inobatga olinmaganda jami 606,9 dollar — tahr.), har bir ziyoratchi uchun Umra paket narxi keltiriladi», — dedi u.

Anjumanda ishtirok etgan Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tijorat va turizm masalalari bo‘yicha direktori Shuhrat Xudoyqulovning ta’kidlashicha, har hafta 4ta Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishida parvoz amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Umra ziyoratchilari ehtiyojidan kelib chiqib, haftasiga yana 20ta reys tashkil etiladi. Ushbu parvozda samolyotlar Saudiya Arabistoning Madina va Jidda shaharlariga uchadi.

«Bordi-keldi uchun minimal narx 633 AQSH dollari etib belgilangan. Bir tarafga parvoz narxi 330 dollarni tashkil etadi», — deya qayd etdi u.

Azon Travel kompaniyasi vakilining qayd etishicha, Toshkent-Madina shaharlari o‘rtasidagi masofa 3310 kilometrni tashkil etadi. Toshkent-Dubay oralig‘idagi masofa esa 2194 km, Toshkent-Istanbul yo‘nalishida parvoz qiluvchi samolyot esa 3340 km masofani bosib o‘tadi. Keltirilgan masofalar deyarli bir xil, ammo O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni yo‘nalishida narxlar taxminan 30 foizga qimmatlashgan.

«2017−2018 yillarda amalga oshirilgan mazkur yo‘nalishdagi parvozlarda chiptaning narxi bir kishi uchun qariyb 850 dollarni tashkil etgandi. O‘zi narx qanday shakllanadi? Avvalo, aviakompaniya xarajatlari, mezbon tarafga to‘laydigan to‘lovlardan kelib chiqib, chipta narxi o‘rnatiladi. Shaharlar o‘rtasidagi masofa yaqinligidan tashqari, o‘sha shaharlardagi aeroportlarga to‘lanadigan boj yig‘imlari ham bor», — deya qo‘shimcha qildi Shuhrat Xudoyqulov.

O‘MI vakili ayni matbuot anjumanida Umra vizasini har kimga bermaslik bo‘yicha Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasiga iltimosnoma kiritganini aytgan.