O‘zbekiston Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bugun ijtimoiy hayotda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan «snos» va o‘zboshimalik bilan noqonuniy ravishda qurib olingan uylarni buzish o‘rtasidagi farqlarni sanab o‘tdi. Quyida ushbu ma’lumotlarni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

Gap «snos» haqida ketar ekan, uni o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylardan farqini bilib olish har qachongidan dolzarb masaladir. «Snos» deganda fuqarolar va yuridik shaxslarga faqatgina qonuniy tartibda tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi olib qo‘yilishi va unga yarasha kompensatsiya berilishi tushuniladi.

Rostdan ham shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish, hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari va investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishi doirasida fuqarolar va tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar joylashgan yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan ayrim hollarda kamchiliklarga, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yildi.

Ayni masalada qonun buzilishlar bo‘lganligi sababli bu borada umuman yangicha tartib joriy etildi.

Endilikda Yer uchastkasini olib qo‘yish Hukumatning 2019 yil 16 noyabridagi 911-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida hamda unda ko‘rsatib o‘tilgan asoslar mavjud bo‘lgandagina amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra:

yer uchastkasini olib qo‘yishga zarurat tug‘ilganda birinchi navbatda hokimlik yoki investor va mulkdorlar o‘rtasida OAV ishtirokida ochiq muhokama o‘tkaziladi;

hokimlik yoki investor tomonidan dastlabki hisob-kitoblar amalga oshiriladi, shuningdek, kompensatsiya berish uchun yetarli resurslar mavjudligi o‘rganiladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan yer uchastkasi olib qo‘yilishidagi foyda va xarajatlar o‘rganib chiqiladi, resurslar yetarli bo‘lganida hamda foyda va xarajatlardan ustun kelgan taqdirda yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi. Hokimliklar yer uchastkasi olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror qabul qilishga vakolatli emas;

hokimlik yoki investor va mulkdorlar o‘rtasida kompensatsiya turi, miqdori va berish muddati kelishiladi va ushbu kelishuv notarial tartibda tasdiqlanadi.

Kelishilgan kompensatsiya berilmaguncha ko‘chmas mulklar buzib tashlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan binoni buzish ham adliya organlarining ijobiy xulosasidan keyingina amalga oshirilishi belgilandi.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, yangi tartib kuchga kirgandan keyin (2020 yil 1 yanvar) «snos» masalasida muammo bo‘lgani yo‘q.

«Snos»ning ikkinchi to‘lqini haqidagi gaplar esa mutlaqo asossiz, «publika»ga o‘ynashdan boshqa narsa emas.

Xo‘sh unda masala nimada?

Hozirda ba’zi hududlarda ayrim fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan yoki noqonuniy hujjat asosida ajratilgan yerlarda qurilgan uy-joylar belgilangan tartibda buzilishi rejalashtirilgan.

Noqonuniy hujjat albatta o‘z-o‘zidan qabul qilinmaydi (tanish-bilish, korrupsiya borligi kunday ravshan biroq isbot yo‘qligi uchun bu haqda yozmaymiz), bu hujjat qabul qilishga mas’ul bo‘lgan shaxslarning javobgarligi masalasi albatta tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, davlat organining noqonuniy qarori natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanadi. Bunday zararning o‘rni davlat organining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanishi, agar u yerda mablag‘lar bo‘lmasa zarar davlat byudjetidan qoplab beriladi.

Bundan tashqari 2019 yilda Jinoyat kodeksiga yangi modda qo‘shilib, yer berish tartibini buzganligi uchun javobgarlik chorasi kiritildi.

Bugungi kunda fuqarolarimiz tomonidan hududlardagi sug‘oriladigan ekin maydonlarida ruxsatnomasiz, o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish holatlari ko‘p uchramoqda.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar esa o‘z nomi bilan noqonuniy yerlarda, ruxsatnomasiz, qurilish normalarini buzgan holda qurilgan binolar yoki ishnootlardir.

Amaldagi Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi, uni sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.

Bunday imoratlar 15 kun ichida imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs hisobidan buzib tashlanishi lozim. Shuningdek, buzish ishlari yoki buzilgan imorat uchun umuman kompensatsiya berilmaydi.

Aytib o‘tish joizki, Hukumatning 2019 yil 16 noyabridagi 911-son qarorida o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joyning ham qoplanishi lozimligi qayd etilgan. Shuni unutmasligimiz kerakki, bunda kompensatsiya fuqarolarga qonuniy tartibda tegishli bo‘lgan yer uchastkalaridagi mulklar «snos»ga tushganida, unda joylashgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar uchun to‘lanadi xolos. Boshqa har qanday holatda o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar uchun kompensatsiya to‘lanmaydi. Ya’ni yer egallab olingan hech bir holatda kompensatsiya to‘lanmaydi.

Konstitutsiyamizda belgilanganidek yer umummilliy boyligimiz hisoblanadi. Shu o‘rinda uni asrab-avaylash har birimizning burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim. Yerga nisbatan qonuniy munosabatni shakllantirish esa davlatning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Yurtimizda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 20,2 mln gektar yerlarning atigi 20,7 foizi sug‘oriladigan yerlar hisoblanadi. So‘nggi 15 yil mobaynida aholi jon boshiga sug‘oriladigan yerlar 24 foizga (0,23 ga dan 0,16 gacha) kamaygan.

Mazkur holatda albatta ayrim shaxslar tomonidan qonunlarni ochiqchasiga buzgan holda yerlarni egallab olishi ham rol o‘ynagan albatta. Mamlakat aholisining qariyb 16,4 millioni (jami aholining 49,4 foizi) qishloq hududlarida istiqomat qilishini hisobga olsak, bu kabi noqonuniy harakatlarga qa’tiy ravishda kurashilmasa qishloq aholisi bandligini ta’minlash, mamlakat oziq ovqat xavfsizligi kabi strategik o‘ta muhim masalalar ijtimoiy portlashni keltirib chiqaradi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yil 1 mayga qadar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga «amnistiya» e’lon qilindi. Ushbu davrda 589 991 nafar fuqaroga o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga mulk huquqi berildi. Bu juda ham katta ko‘rsatkich. Davlat tomonidan imkoniyat berildi, lekin mazkur imkoniyatni suiste’mol qilib yana noqonuniy yerlarda uy-joylarni qurib olish esa ayrim fuqarolar tomonidan o‘rnatilgan tartiblarni ochiqdan ochiq mensimasligini anglatadi.

Bu holatda davlat organlarining pozitsiyasi aniq. Noqonuniy bino buziladi, aybdor javobgarlikka tortiladi.