Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YeTTB) Anglesey Food kompaniyasiga (O‘zbekistonda korzinka.uz supermarketlar tarmog‘ini boshqaradi) egalik qiluvchi Singapurning Anglesey Investments kompaniyasi minoritar aksiyalar paketini sotib oldi, deya xabar berdi bank matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga. Ulush hajmi haqida hozircha ma’lum qilinmadi.

Noyabr oyida korzinka.uz YeTTBning 40 million dollargacha miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilgani ma’lum bo‘lgan edi. «Bu oxirgi o‘n yillikda bankning O‘zbekistondagi xususiy kapitalga kiritgan birinchi sarmoyasidir», — deyiladi xabarda.

Investitsiyalar tufayli korzinka.uz do‘konlarining soni deyarli uch baravarga (hozirgi 50 dan 140 tagacha), xodimlar soni esa 2023 yilga borib 5000 dan 10 ming nafarga ko‘payadi.

Investitsiya mablag‘lari, shuningdek, dasturiy samaradorlikni oshirish, isitish, ventilyatsiya va havoni sovitish tizimlarini o‘rnatish hamda devor va tomlar izolyatsiyasini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

2019 yilda YeTTB O‘zbekistondagi 13 loyihaga 500 million yevrodan ko‘proq mablag‘ni investitsiya qildi, shulardan 9 tasi xususiy sektorda. Bugungi kunga qadar esa YeTTB 79 loyiha orqali mamlakat iqtisodiyotiga 1,85 milliard yevro sarmoya kiritdi.